Belarus o‘zining YouTube muqobilini taqdim etdi

Jahon 21:03 / 29.08.2024 3419

Belarus hukumati mamlakatda YouTube videoxostingining muqobili ishga tushirilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi prezident administratsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Persev.

«Videobel.by videoxostingi bu bizning birinchi OTT-platformamiz bo‘lib, u yerga dasturlar va turli ruknlar, hatto videokontent yaratuvchilarning efirga ketmaydigan materiallari ham joylashtiriladi. Bu ancha kuchsiz muqobil bo‘lishi mumkin, ammo Belarus YouTube’ini yaratishdagi birinchi qadamdir», — deydi Persev.

Bu haqda u prezident Aleksandr Lukashenkoga bergan hisobotida aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 12 sentabr kuni ishga tushiriladi.

Bunga qadar Rossiyada to‘rtta mahalliy videoxosting — RuTube, «VK», Nuum va «Platforma» ishga tushirilgan edi. RF Davlat dumasining Axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Anton Gorelkinga ko‘ra, ularning hech biri YouTube’ga sezilarli raqobat tug‘dira olmagan.

Iyul oxirlarida Davlat dumasining Axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn hukumat YouTube faoliyatini sekinlashtirishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya qonunchiligini buzayotgan administrativ resursga qaratilgan «majburiy qadam». «Roskomnadzor» keyinroq YouTube’ning sekinlashib qolganiga Google Rossiya serverlaridan foydalanishni istamagani bilan bog‘lagan edi. Ammo Google o‘z tomonidan biror texnik muammo borligini rad etgan.

Avgust boshidan beri Rossiyada YouTube faoliyati yomonlashgani haqida shikoyatlar ko‘paydi. Masalan, 2 avgust kuni «Sboy.rf» servisi 15 mingdan ortiq shikoyatni qayd etgan bo‘lib, bu odatiy ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada yuqori.

YouTube’ning Rossiyadagi kunlik o‘rtacha qamrovi 55,4 million kishi. Rossiya hukumati Ukrainaga uyushtirilgan hujum avvalidan beri mashhur videoxostingni bloklash rejalarini ilgari surib kelmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: