Irina Bolgar ismli ayol Telegram asoschisi Pavel Durovni farzandiga nisbatan «jismoniy zo‘ravonlik ishlatganlikda» ayblab, Shveytsariya sudiga da’vo arizasi kiritdi, deb xabar beradi Forbes. Da’vo 2023 yilning martida kiritilgan bo‘lsa-da, bu haqda endi ma’lum bo‘lmoqda.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Durov 2021-2022 yillar davomida 2017 yilda tug‘ilgan kichik farzandiga nisbatan besh marotaba «jismoniy zo‘ravonlik ishlatgan». Bolgarning ta’kidlashicha, ushbu zo‘ravonlik oqibatida bolaning miyasi chayqalgan va uyqusida muammolar paydo bo‘lgan.
Bolgar o‘z da’vosiga isbot sifatida tergovga Durov bilan yozishmalari va shifokor tomonidan 2023 yil aprelda yozilgan ma’lumotnomani ko‘rsatgan. Hujjatda bolaning uyqusi buzilib, bezovtaligi ortgani qayd etilgan.
Shundan keyin Bolgar fuqarolik da’vosini kiritib, Durov bilan o‘rtasidagi farzandlari uchun vasiylik so‘ragan. Sud ayolning foydasiga qaror qabul qilgan, Telegram asoschisi esa sudda ishtirok etmagan.
Shuningdek, Forbes’ning yozishicha, Bolgar zo‘ravonlik to‘g‘risida da’vo kiritgunga qadar Durov to‘lamay qo‘ygani aytilayotgan 150 ming yevro miqdorida aliment ustida ham sudlashgan. Durovning Bolgar bilan sud jarayonidagi pozitsiyasi noma’lumligicha qolmoqda.