Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida yuzaga kelgan uzun navbatlarga izoh berildi

Jahon 18:43 / 28.08.2024 20012

Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, deb xabar berdi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib 24.kg.

Qayd qilinishicha, 10 avgustdan boshlab «Do‘stuk-avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi tashish va avtomobillar harakatining o‘sishi kuzatilgan. Har kuni nazorat-o‘tkazish punktidan 18-26 ming kishi o‘tmoqda. Shu bilan birga, chegara nazoratini uzluksiz amalga oshirishni hisobga olgan holda uning o‘tkazish qobiliyati kuniga 16 ming 400 kishini tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, «Dostuk-Avtodorojniy» nazorat-o‘tkazish punkti orqali chegarani kesib o‘tuvchi fuqarolar va transport vositalari sonining sezilarli darajada ko‘payishi navbatlar, shuningdek, nazorat-o‘tkazish punkti oldida yo‘lovchi transport vositalarining to‘planib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bunga Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi bozorlar (ulgurji savdo kunlari seshanba va shanba kunlari), talabalarning o‘qish joylariga borishi, davom etayotgan sayyohlik mavsumi va mavsumiy ishlar sabab ekani aytilgan.

28 avgust holatiga ko‘ra Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasida quyidagi nazorat-o‘tkazish punktlari ishlamoqda:

- Jalolobod viloyatida: «Madaniyat-Avtodorojniy», «Baymak-Avtodorojniy»;

- O‘sh viloyatida: «Dostuk-Avtodorojniy»;

- Botken viloyatida: «Qizil-Qiya-yo‘l», «Qadamjoy-yo‘li», «Kaytpas-yo‘li», «Oq-Qiya yo‘li», «O‘tukchu-yo‘li», «Chechme-yo‘l».

Chegara xizmati fuqarolarga safar yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: