Qurbonlar haqidagi ma’lumotlar bir-biriga ters kelmoqda: avvaliga 11 falastinlik halok bo‘lgani aytilgandi, ammo keyinroq boshqa raqamlar keltirildi.
Falastin rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, isroillik harbiylarning o‘tgan tunda boshlangan amaliyoti oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan: to‘rt nafari — Al-Faraa qochqinlar lageriga aviazarba oqibatida, yana besh kishi — Jenin va Tulkarmda dronlar zarbasi va qurolli to‘qnashuvlar tufayli.
Bu ma’lumot falastinlik shifokorlar bergan xabarga mos keladi: Tubasdagi shifoxonaga yetti jasad olib kelingan, Jenindagi shifoxona yana ikki jasadni qabul qilib olgan.
Shu bilan birga, Qizil yarim oy jamiyatining Falastindagi vakili qurbonlar soni o‘n nafardan kam emasligi va hatto ko‘proqligini, chunki «tez yordam» mashinalari va shifokorlar ayrim jabrlanganlar oldiga yetib bora olmayotganini aytgan.
Bu amaliyot — ikkinchi intifada (falastinliklarning 2000–2005 yillardagi yirik qo‘zg‘oloni) davridan buyon Falastinning bir vaqtning o‘zida bir necha shahri zarba ostida qolishi bilan bog‘liq ilk holatdir.
Hamasning 7 oktyabr kungi hujumi va uning ortidan G‘azo sektorida boshlangan urush ortidan G‘arbiy sohilda ham zo‘ravonlik holatlari bo‘lib o‘tdi.
Isroil qo‘shini ushbu hududda reydlar o‘tkazib, buni Isroilda ham, G‘arbiy sohilda ham falastinliklarning hujumlarining oldini olish va to‘xtatishga urinish sifatida izohlaydi.
Doimiy keskinlik o‘chog‘i hisoblangan Jeninda Isroil qo‘shini nazorat-o‘tkazish punkti o‘rnatilgan bitta yo‘ldan boshqa barcha yo‘llarni bloklagan.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, isroillik harbiylar Jyenindagi davlat shifoxonasini va uning yaqinida joylashgan Ibn Sino shifoxonasini, shuningdek, Qizil yarim oy jamiyatining Falastindagi bo‘limi shtab-kvartirasini va «Bemorlar do‘sti» jamiyati binosini qurshab olgan.
Isroilliklar ikki shifoxonani ham shturm qilib egallashni rejalashtirmoqda, bu esa u yerdagi o‘nlab bemorlar hamda shifokorlar hayotiga xavf soladi.
«Ayni vaqtda ayrim bemorlar shifoxonani tark etishga harakat qilmoqda, ammo buning uchun ularning hujjatlari TSAHAL jangchilari tomonidan tekshirilishi lozim. Bu juda qo‘rqinchli vaziyat», — degan BBC muxbiriga voqea joyida bo‘lgan jurnalistlardan biri.
Isroil qo‘shini Jenin yaqinidagi qochqinlar lagerida ham reyd o‘tkazmoqda, bu lager qurolli guruh bazasi sifatida ko‘riladi va o‘tmishda bu yerda ko‘plab yirik qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.
Lagerda yashovchilardan biri yaqin atrofda portlash ovozlarini hamda osmonda dronlar parvozi vaqtida chiqadigan ovozlarni eshitganini aytgan, ammo hozircha qurollangan jangchilar isroillik harbiylar bilan to‘qnashuvga kirishgani belgilari yo‘q.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning zirhlangan buldozerlari lager orqali o‘tuvchi asosiy yo‘lni buzib tashlagan hamda uning hududida yashiringan jangarilarning chekinish yo‘lini to‘sish uchun to‘siqlar o‘rnatgan.
Tubasda yashovchilardan biri BBC muxbiriga Isroil qo‘shini Al-Faraadagi qochqinlar lageriga «tobora ko‘proq zirhli mashinalar va buldozerlar olib kirmoqda».
«Biz barchamiz xavotir bilan eskalatsiya yuzaga kelishiga tayyorlanyapmiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.
TЫAHAL matbuot kotibi, podpolkovnik Nadav Shoshani harbiylarning G‘arbiy sohildagi reydlaridan maqsad — «terrorchi guruh va terrorchilarning inlari»ni yo‘q qilish ekanini aytgan, ammo amaliyot qancha davom etishi va unda shaxsiy tarkibning qancha a’zosi ishtirok etayotgani haqidagi savollarni ochiq qoldirgan.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasi «o‘tgan tundan boshlab Jenin va Tulkarmdagi qochqinlar lagerlarida tashkil etilgan Eron terrori infratuzilmalarini yo‘q qilish uchun to‘liq kuch bilan amaliyot boshlagani»ni aytgan.
Kats Hamas va «Islom jihodi»ni qo‘llovchi Eronni G‘arbiy sohilda Isroilga qarshi yangi front ochishga intilayotganlikda ayblagan.
«Biz G‘azodagi terrorchilik infratuzilmaga qarshi qanday kurashayotgan bo‘lsak, bu tahdid bilan ham shunday kurashishimiz kerak, jumladan, Falastin aholisini vaqtincha evakuatsiya qilish va barcha zarur choralarni ko‘rish orqali», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Isroil armiyasi bayonotida tafsilotlar kam, ammo unda TSAHAL bilan birga «Shin-Bet» ichki xavfsizlik xizmati va Isroil chegara politsiyasi «ayni vaqtda Jenin va Tulkarmda terrorning oldini olish uchun aksilterror amaliyot o‘tkazayotgani» aytilgan.
Tahlil: hodisa ko‘lami noodatiy
Lyusi Uilyamson, BBC’ning Yaqin Sharqdagi muxbiri:
Xabarlarga ko‘ra, Jenindagi faqat bitta yo‘l ochiq qoldirilgan, qolganlari harbiylar tomonidan to‘silgan. Shaharga kirish joylarida hech kimni kiritmaslik va chiqarmaslik uchun blok-postlar paydo bo‘lgan.
Isroil qo‘shini mahalliy markaziy shifoxonani, unga qo‘shni «Ibn Sino» shifoxonasini ham o‘rab olgan. Voqea joyida bo‘lgan BBC muxbiri aytishicha, shifoxonani tark etmoqchi bo‘lgan odamlar isroillik harbiylarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatishi talab etiladi va tintib chiqiladi.
Xodimlarimizning so‘zlariga ko‘ra, bunday tintuvlar Jenindagi qochqinlar lagerida ham amalga oshirilmoqda. Bu yerda falastinliklarning qurolli guruhi mavjud va bu yerda avval ham isroilliklarga qarshi ko‘plab shiddatli otishmalar bo‘lib o‘tgandi.
So‘nggi 10 oy mobaynida biz bir necha marta isroillik harbiylar amaliyoti chog‘ida Jeninga borganmiz, ammo hozirgi hodisalar ko‘lami noodatiy ko‘rinmoqda.