Pavel Durov bilan birga uning akasi Nikolay Durovga ham Fransiya huquqni muhofaza qiluvchi idoralari qidiruv e’lon qilgan. Fransuz politsiyasi Nikolay Durovni Telegram hammuassislaridan biri sifatida ko‘rsatgan.
Ish hujjatlari bilan eksklyuziv tanishib chiqqan Politico nashri hujjatlarga tayanib yozishicha, Nikolay Durovga ham ukasi bilan birga shu yilning 25 mart sanasida qidiruv e’lon qilingan. Aka-ukalar bolalar pornografiyasini tarqatish va saqlash jinoyatida sheriklikda ayblanmoqda.
Fransiya hukumati bolalar bilan bog‘liq jinoiy qilmishni sodir qilgan shaxsni aniqlash bo‘yicha Telegramga so‘rov yuborgan. Lekin messenjer egalari bunga javob bermagan. Bundan tashqari, ayblovlar qatorida messenjer egalari boshqa jinoiy qilmishlarni sodir qilgan shaxslarni aniqlashda ham Fransiya va Yevroittifoq mamlakatlari bilan hamkorlik qilmagani aytilmoqda. Shundan so‘ng fransuz politsiyasi ularga nisbatan maxfiy surishtiruv jarayonlarini boshlagan.
Hujjatda «aka-uka Durovlarning tergovda aniqlangan noqonuniy harakatlarga bevosita aloqadorligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, deyiladi Politoco maqolasida.
Bundan tashqari, tergov hujjatlarida Telegram vitse-prezidenti Ilya Perekopskiy ismi ham tilga olingan, lekin uni hibsga olishga order berilgani yoki boshqa ayblov qo‘yilgani haqida ma’lumot yo‘q.
Pavel Durovning advokati hodisaga izoh berishdan bosh tortdi.
Shuningdek, Parij prokuraturasi ham ish maxfiy yuritilayotgani uchun aka-ukalarga doir ish yuzasidan izoh bermagan. Hibs uchun order — tergov boshlash uchun asos bo‘ladigan, Telegram yordamida sodir qilingan turli jinoyatlar uchun berilgani ma’lum qilingan. Prokurorga ko‘ra, tergovning bu bosqichida faqat Pavel Durov so‘roq qilinmoqda.
Nikolay Durov kim?
Nikolay Durov – Telegram asoschisi Pavel Durovning akasi, undan 4 yosh katta. Ular birgalikda «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ini, keyinroq Telegramni yaratishgan. Nikolay ikkala loyihaning texnik taraflariga javobgar bo‘lgani aytiladi.
44 yoshli Nikolay yoshligida geniy, deya e’tirof qilingan. Ular SSSRning qayta qurish yillarida Italiyada yashagan va 1990-yillarga kelib Rossiyaga qaytgan. Kichik Durov amerikalik jurnalistga bergan intervyusida aynan Italiyadan olib kelingan kompyuteri haqida eslagan.
Nikolay 1996-1998 yillarda matematika bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘lgan. Avval Sankt-Peterburg, keyin Bonn universitetlarida o‘qigan. Matematika bo‘yicha doktorlik darajasiga ega.
2006 yilda Nikolay «VKontakte»ni ishga tushirishda ukasiga yordam berib, kompaniya direktorining texnik yordamchisi bo‘lgan, Telegramga esa u «yuragini bergan». Aynan Nikolay 2013 yilda ishlab chiqqan ma’lumotlarni shifrlab uzatish protokoli Telegram messenjeri uchun asos bo‘lgan. Dastlab messenjerdan aka-ukalar o‘zlari suhbatlashish uchun foydalangan. Keyinroq u to‘liq yangi loyihaga aylanib ketadi. Katta Durov keyinroq TON va Telegram Open Network'ni ham ishlab chiqdi.
Nikolay Durov ukasining biznesidan chiqib, o‘zini butunlay ilm-fanga bag‘ishlagani aytiladi. U 2024 yil avgust holatiga Rossiya fanlar akademiyasi Matematika institutining Sankt-Peterburg bo‘limida katta ilmiy xodimi sifatida ro‘yxatda mavjud. U 2015 yildan boshlab Peterburgda ota-onasi bilan birga yashagan, Pavel bilan kam ko‘rishgan. Nikolay ayni vaqtda qayerdaligi noma’lum.