Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini Rossiyaga qarshi ishlatishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 avgust, dushanba kuni kechki videomurojaatida ma’lum qildi.
«Bugun men kunni [Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr] Sirskiy bilan alohida uzoq suhbatdan boshladim: biz bu raketa hujumi uchun Rossiyaga javob berishga tayyorlanyapmiz. F-16’dan foydalanish va Kursk viloyatidagi operatsiya uchun so‘nggi 24 soat ichida nazorat zonasini kengaytirdik va almashish fondini to‘ldirdik».
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, boshqa frontlardagi vaziyat, jumladan, Rossiya armiyasi asta-sekin olg‘a siljib borayotgan va shiddatli janglar ketayotgan Pokrovskiy yo‘nalishi ham muhokama qilingan. Bundan tashqari, Ukraina rahbari energetika obektlarini Rossiya hujumlaridan himoya qilish bo‘yicha «bir qancha muhim qarorlar» haqida e’lon qildi, ammo tafsilotlarni keltirmadi.
Ukrainaga keng ko‘lamli hujum
26 avgust kuni tunda va ertalab Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga 236 ta raketa va hujumkor dronlarni uchirdi, ulardan 102 ta raketa va 99 ta UUA urib tushirildi - bu raqamlarni Ukraina Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk o‘zining Telegram-kanalida keltirdi. Hujumning asosiy maqsadi mamlakat energetika infratuzilmasi edi. Natijada, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va o‘nlab yaradorlar bor. Jumladan, Kiyev GES zarar ko‘rdi.
Ukraina prezidentining «almashish fondini to‘ldirish» haqidagi so‘zlari, aftidan, Ukraina qurolli kuchlari rossiyalik harbiylar orasidan yangi asirlarni olganini anglatadi. Moskva va Kiyev o‘rtasida so‘nggi harbiy asirlar almashish 24 avgust, Ukraina mustaqillik kunida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda 115 nafar ukrainalik harbiy xizmatchilar vataniga qaytdi. Rossiyaga ham 115 nafar harbiy xizmatchi topshirildi. Qayd etilishicha, ular orasida Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumi chog‘ida asirga olingan Rossiya qurolli kuchlarining muddatli harbiy xizmatchilari bor.