Rossiyaning Volgograd oblastidagi 19-son axloq tuzatish koloniyasida xodimlar va mahbuslarni garovga olganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q. Bu haqda Rossiya kuchishlatar idoralariga yaqin bo‘lgan Baza telegram-kanali xabar berdi.
«Ramzidin Toshev va Temur Xusinov Volgograd oblastidagi 19-son ahloq tuzatish koloniyasida xodimlar va mahbuslarni garovga olishda ishtirok etmagan. Ular ro‘yxatga noto‘g‘ri kiritilgan. Garovga olishda ishtirok etganlarning shaxsi ular yo‘q qilinganidan keyin ma’lum bo‘ldi», deb yozdi Baza.
Avvalroq, ushbu qonunbuzarlikda 4 nafar mahbus ishtirok etgani, ularning ikki nafari (Ramzidin Toshev va Temur Xusinov) o‘zbekistonlik, qolgan ikki nafari (Navro‘zi Rustamjon va Nazirjon Toshev) tojikistonlik ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Baza xabariga ko‘ra, hujumda Navro‘zi Rustamjon va Nazirjon Toshevdan tashqari Shobdulkarimxon Karimov va Shohijaxon Sayfiyev ham qatnashgan. Ular ham Tojikiston fuqarosi ekani ta’kidlanmoqda.
19-sonli axloq tuzatish muassasasida to‘rt nafar mahbus 23 avgust kuni koloniya xodimlarini garovga olgandi. Federal jazoni ijro etish xizmati qamoqxonada jami sakkiz kishi garovga olingani haqida ma’lumot berdi. Mahbuslar xodimlardan to‘rt nafarini tig‘ bilan jarohatlagan, shundan uch nafari voqea joyida halok bo‘lgan. Keyinchalik Rosgvardiyaning maxsus bo‘linmasi koloniyani shturm qilib, odamlarni garovga olgan to‘rt mahbusni ham yo‘q qildi. Qamoqxonadagi hodisa oqibatida jami sakkiz kishi halok bo‘lgani, shturm davomida faqat bir kishi ozod etilgani ma’lum qilindi.