Shomurodov gol urishni boshladi, «Chelsi» futbolchilari «quturdi». Yevropada kun o‘yinlari

Sport 12:31 / 26.08.2024 22323

Angliya: Palmer va Madueke — «qotil» juftlik

«Vulverhempton» — «Chelsi» 2:6
Gollar:
Kunya (27), Larsen (45+6) — Jyekson (2), Palmer (45), Madueke (49, 58, 63), Feliks (80). 
«Vulverhempton» – Joze Sa, Ait-Nuri (Douson, 67), Gomesh, Moskera, Doerti, Lemina (Doyl, 90), Gomes, Bellgard (Gomesh, 68), Mateus Kunya (Sarabiya, 68), Hvan Hi Chan (Podense, 59), Larsen.
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya (Veyga, 83), Koluill, Fofana, Gyusto, Fernandes, Kaysedo (Dyuzberi-Holl, 76), Mudrik (Netu, 46), Palmer (Nkunku, 83), Madueke, Jyekson (Joau Feliks, 68).
Ogohlantirishlar: Ait-Nuri (35), Gyusto (40), Palmer (44), Kukurelya (71), Moskera (71).

Yakshanba kuni «Chelsi» forvardi Maduekeni «qaynoq» qabul kutayotgandi, u o‘yindan oldin ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida akkauntni adashtirib yuborib, Vulverhemptonni nopok joy deb haqorat qilib qo‘ygandi. U tezda storisini o‘chirib yuborib, adashib ketganini bildirdi, ammo internetda skrinshotlar saqlanib qolgandi. Tabiiyki, «Mulinyu» o‘yingohida ushbu futbolchining to‘pga har teginishi hushtakbozliklar bilan qarshi olindi. Nikolas Jyekson tezkor gol bilan hisobni ochib, mezbon fanatlar tomon nimadir deganidan keyin hushtakbozliklar yanada kuchaydi.

O‘yin «Chelsi» uchun og‘ir tus oldi va uch marta hisobda oldinga chiqib olish talab etildi. Birinchi bo‘lim 2:2 hisobida yakunlandi va mezbonlar raqibdan yomonroq ko‘rinishda emasdi. Ko‘plab vaziyatlar yaratildi – jumladan, to‘p ustunga va to‘singa tegdi, boshqa holatlarda esa darvozabon Sanches qutqardi.

Ikkinchi bo‘limda esa aynan Madueke barchasini hal qildi. U 14 daqiqa ichida deyarli bir nuqtadan bir-biriga o‘xshab ketadigan uchta gol urdi. Qiziqarli jihati, uchala golda ham unga aynan Koul Palmer hammualliflik qildi va ikki turdan keyin eng yaxshi assistentga aylanib oldi.

«Chelsi»ning rasmiy akkaunti esa Maduekening surati bilan quyidagi postni e’lon qildi: «Unga bu joy yoqa boshladi».

Shu tariqa, Madueke faoliyatidagi ilk het-trikni voqealarga boy shunday kunda urdi. Palmerda – «gol+pas» bo‘yicha 1+3. O‘yin oxirida esa Joau Feliks Londonga qaytishini gol bilan nishonladi – 2:6. Bu g‘alaba evaziga «Chelsi» mavsumdagi ilk ochkolarni qo‘lga kiritdi, «Vulverhempton» birorta ochkosiz, so‘nggi o‘rindan oldingisini egallab turibdi, to‘plar nisbati – 2:8. Bundan yomonrog‘i faqat «Everton»da (0:7).

Darvoqe, xG bo‘yicha «Vulverhempton» 1,96 natijasini qayd etdi. «Chelsi»da — 1,56. Tablodagi hisob esa ko‘klar uchun rekord bo‘ldi, chunki londonliklar bunga qadar mavsumdagi ilk safar o‘yinida oltita gol urishga muvaffaq bo‘lmagandi.

«Liverpul» — «Brentford» 2:0
Gollar:
Dias (13), Saloh (70).
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold (Bredli, 72), Mak Allister, Gravenberh (Endo, 90+1), Soboslai, Dias (Gakpo, 72), Saloh (Elliot, 83), Jota (Nunes, 72).
«Brentford» – Flekken, Ayyer, Pinnok, Kollinz, Roerslev, Lyuis-Potter (Damsgor, 66), Yanelt (Oniyeka, 73), Nergor, Yyensen (Karvalyu, 66), Vissa (Shade, 73), Mbemo.
Ogohlantirishlar: Soboslai (30), Gravenberh (38), Nyorgor (40), Yyensen (45), Mbemo (90+4).

Ikki turdan keyin to‘rt jamoada 100 foizlik natija: yakshanba kuni «Man Siti», «Arsenal» va «Brayton» safiga «Liverpul» ham qo‘shildi. Arne Slot «Enfild»dagi ilk rasmiy o‘yinida yana ajoyib raqamlar bilan hayron qoldira oldi, uning jamoasi uzatmalar aniqligida 92 foizlik ko‘rsatkich bilan so‘nggi 11 yil ichidagi eng yuqori natijani qayd etdi. Bu uzatmalardan ikkisi esa golli bo‘ldi. Birinchi holatda qizillar o‘z darvozasi yaqinidagi burchak zarbasidan keyin namunali qarshi hujum uyushtirdi va Diogu Jota Diasni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqarib yubordi. Keyin esa kolumbiyalikning o‘zi Saloh uchun shunday imkoniyat yaratib berdi. Misrlik hujumchi o‘zining sevimli pozitsiyasida bo‘sh qolgandi, shu tufayli darvozabonda qutqarish uchun imkoniyat yo‘q edi. Shuningdek, APLda 100-uy o‘yinini o‘tkazgan van Deykning yubileyi e’tiborga molik edi. Bu o‘yinlarda «Liverpul» 262 ochko to‘plagan va niderlandiyalikka «MYu»ning sobiq futbolchisi Evraning rekordini takrorlash uchun bir ochko yetmadi.

Ispaniya: Mbappe emas, Endrik gol urdi

«Real» — «Valyadolid» 3:0
Gollar:
Valverde (50), Dias (88), Endrik (90+6). 
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Militao, Karvahal, Chuameni, Valverde, Vinisius (Seballos, 85), Guler (Dias, 69), Rodrigo (Modrich, 69), Mbappe (Endrik, 86).
«Valyadolid» – Heyn, Lukas Roza, Boyomo, Jyemert, Peres, Yurich (Martin, 71), Kike Peres (Ndiayye, 85), Meseger (Amalla, 59), Sanches, Machis (Moro, 58), Markos Andre (Silla, 71).
Ogohlantirishlar: Markos Andre (28), Guler (52).

«Valyadolid»ga qarshi o‘yin arafasida madridliklar klubi turnir jadvalining ikkinchi qismida joylashgandi. Bu hali 2-tur, ammo baribir muxlislarning ko‘zi bu holatga o‘rganmagan. Shu tufayli «Real»dan faqat g‘alaba kutilardi. Qatorasiga ikki o‘yinda ochko yo‘qotilishi (ayniqsa uyda liganing yangi a’zosiga qarshi o‘yinda) YeChL va UYeFA Superkubogining amaldagi sohibi uchun uyatli holat bo‘lardi. Bu sovrinlarning ikkinchisi o‘yin oldidan muxlislarga namoyish etildi (bu «Real» uchun mavsumdagi ilk o‘yin edi).

Ammo «Real» bu o‘yinda ham muammolarga uchradi. Birinchi bo‘limda futbolchilar yaxshi taassurot qoldira olmadi. Jamoalardan hech biri birorta yaqqol golli vaziyat yaratmadi. Mbappening 32-daqiqada yo‘llagan zarbasi aniq bormadi. «Real»da markazda Kilian va qanotlarda Vinisius hamda Rodrigodan iborat hujum uchligi tushgandi. Shu bilan birga, Karlo Anchelotti tarkibda majburiy o‘zgarishlar qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Jarohat olib bir oyga safdan chiqqan Jud Bellinghem o‘rnini Arda Guler egalladi, o‘tgan o‘yin oxirida qizil kartochka olgan Ferlan Mendi o‘rniga Fransisko Garsiya tushdi.

Muxlislarda Mbappening kelishi «Real»ni kuchaytirmagani, aksincha kuchsizlantirgani haqida shubhalar paydo bo‘lmoqda.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa «Real» baribir hisobni ocha oldi. O‘yindan hech narsa chiqmayotganida Guler ishlagan jarima zarbasi qo‘l keldi. To‘pga Federiko Valverde yaqinlashdi va u qadar qulay bo‘lmagan pozitsiyadan turib to‘g‘ridan to‘g‘ri darvoza tomon zarba berdi. To‘p uzoq burchakka aniq bordi.

Bu vaziyat takrorida to‘p yo‘l-yo‘lakay «Valyadolid» futbolchilaridan biriga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirganini, shu tufayli darvozabon unga yeta olmaganini ko‘rish mumkin.

Hisob ochilgach «Real»da vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Ammo Gulerning barcha zarbalari himoyachilardan o‘tmadi. 69-daqiqada turkiyalik o‘z o‘rnini Luka Modrichga bo‘shatib berdi. «Valyadolid»da ham vaziyatlar yuzaga keldi, ammo ular hisobni tenglashtirishidan ko‘ra mezbonlar ikkinchi golga yaqinroq ekani ko‘rinib turgandi. 79-daqiqada Mbappe o‘ta qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ammo darvoza qarshisida turib, to‘pni darvozabonni qo‘liga tutqazdi.

«Real» ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynagan bo‘lsa-da, qaltis hisob muxlislarni asabiy holatda ushlab turdi. Ayniqsa Mbappe yana bir ajoyib imkoniyatdan foydalana olmaganida. Mezbonlarning g‘alabasini zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Braim Dias kafolatladi, u darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib bordi va uni osonlik bilan dog‘da qoldirdi. O‘yinga yakuniy nuqtani esa Mbappe o‘rniga tushgan Endrik qo‘ydi, u ajoyib harakati bilan raqibdan qochib ketib, yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Uning ilk rasmiy goli — ukasiga sovg‘a. Braziliyalik hujumchi bu goli bilan tarixga ham kirdi. XXI asrda hech kim «Real» safidagi debyutida bu qadar yoshligida (18 yoshu 35 kun) gol urmagandi. O‘yin qiyin kechgan bo‘lsa-da, «Real» yirik g‘alabaga erishdi va «Barselona» hamda boshqa raqiblar ilgarilab ketishiga yo‘l qo‘ymadi.

«Atletiko» — «Jirona» 3:0
Gollar:
Grizmann (39), Lorente (48), Koke (90+4). 
«Atletiko» – Oblak, Rikelme (Gallaher, 58), Lorente, Aspilikueta, Ximenes, Le Norman, Lino (Reynildu, 68), Barrios, De Paul (Koke, 59), Alvares (Syorlot, 81), Grizmann (Korrea, 81).
«Jirona» – Gassaniga, Migel Gutiyerres, Blind, David Lopes, Martines, Errera, Romeu (Solis, 59), Martin (Portu, 58), Xil, Abel Ruis (Miovski, 59), Tsigankov (Almena, 68).
Ogohlantirishlar: De Paul (25), Ruis (28), Gassaniga (37), Romeu (55).

Ko‘p jamoalar «Jirona» bilan o‘yinda qiynaladi, ammo «Atletiko» uchun bu ma’lum darajada qulay raqibga aylangan. Madridda Diyego Simeone jamoasi so‘nggi to‘rt o‘yinda yutqazmagan va qatorasiga uch o‘yinda kataloniyaliklar darvozasiga kamida ikkita gol kiritgan. Shunday ekan, «matraschilar» yakshanba oqshomida shunchaki normani bajarishdi deyish mumkin. Hisobni ochgan Grizmann esa e’tiborli natijaga erishdi.

Mbappe «Real»ga moslashish jarayonini o‘tayotgan va faqat UYeFA Superkubogida gol urganida, Antuan ushba vatandoshini top-5 ligalarda gol urish borasida quvib yetdi. Ushbu juftlik 191 tadan gol urgan va beshinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi, Benzemaga (281) yetib olishga esa hali ancha bor. «Atletiko» so‘nggi o‘n mavsumda barcha turnirlar doirasida o‘n marta jarima zarbasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri gol urgan va shundan to‘qqiztasi Grizmann hisobiga yozilgan.

Italiya: De Rossi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Konteda g‘alaba

«Roma» — «Empoli» 1:2
Gollar:
Shomurodov (80) — Gyasi (45), Kolombo (60, penalti). 
«Roma» – Svilar, Anxelino, Ndika, Manchini, Chelik (Zalevski, 46), Soule (Shomurodov, 77), Dibala, Pellegrini, Paredes (Baldansi, 63), Kristante (Le Fe, 62), Dovbik.
«Empoli» – Vaskes, Viti, Ismayli, Valyukevich, Fatssini (Stoyanovich, 88), Solbakken (Espozito, 58), Petssella (Kakache, 63), Male (Xaas, 63), Henderson, Gyasi, Kolombo (Ekong, 87).
Ogohlantirishlar: Male (26), Solbakken (58), Kakache (84).

A seriyada mavsum starti — favoritlar uchun beqarorlik paradiga aylandi. Hatto «Inter» birinchi turda g‘alabani qo‘ldan chiqardi. «Milan» ikki o‘yinda atigi bir ochko oldi. Birinchi turda g‘alaba qozongan «Atalanta» va «Latsio» bu uik-endda yutqazishdi. Start «Roma» uchun ham dahshatli tushga aylandi, birinchi turda «Kalyari» darvozasiga yo‘l topa olmagan rimliklar tarixda ilk bor o‘z maydonida «Empoli»ga yutqazdi.

«Bo‘rilar» birinchi bo‘lim oxirida muvaffaqiyatsiz harakatlanib, Gyasini e’tibordan chetda qoldirishdi. Ikkinchi bo‘limda esa omadsizlik va ahmoqona harakatlar tufayli muammolar ortdi. Birinchi holatda — Pellegrinining zarbasi avval to‘singa tegdi, keyin ustunga. Ikkinchi holatda — Paredes jarima maydonining burchak tomon qismida tushunarsiz fol qildi. Agar bu penalti bo‘lmaganida, barchasi boshqacha tus olishi mumkin edi. Lekin Daniele de Rossi shogirdlari 0:2 hisobidan ham chiqib ketishi mumkin edi. Rimliklarga Shomurodovning boshda yo‘llagan ajoyib zarbasi umid berdi. Shu yozda klubni tark etishi aytilgan o‘zbekistonlik futbolchi qo‘shimcha daqiqalarda hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo zarba berish vaqtida himoyachi uni ushlab qoldi, hakam esa vaziyatni e’tiborsiz qoldirdi.

«Napoli» — «Bolonya» 3:0
Gollar:
Di Lorenso (45+2), Kvaratsxeliya (75), Simeone (90+4). 
«Napoli» – Meret, Buonjorno, Rrahmani, Di Lorenso, Kvaratsxeliya, Politano (Neres, 88), Olivera, Matssokki (Spinatssola, 77), Lobotka, Zambo-Angissa, Raspadori (Simeone, 84).
«Bolonya» – Skorupski, Likoyannis (Miranda, 63), Erlich (Lukumi, 19), Bekema, Posh, Ebisher (Fabbian, 80), Froyler, Moro, Ndoyye (Karlsson, 63), Kastro, Orsolini (Odgor, 63).
Ogohlantirishlar: Matssokki (43), Lukumi (49), Posh (50), Rrahmani (56).

Antonio Konte esa «Napoli» boshqaruvidagi ilk g‘alabasiga erishdi. Muvaffaqiyatni murabbiy yozda loyihadagi muhim figura deb atagan futbolchi ta’minladi. Birinchi bo‘lim oxirida Kvaratsxeliya to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi va hujumga qo‘shilgan Di Lorenso hisobni ochdi. U qatorasiga yettinchi mavsumda gol urgan himoyachiga aylanib, «Fiorentina»dagi ampluadoshi Biragi bilan tenglashib oldi. Keyin esa Xvichaning o‘zi rikoshet yordamida to‘pni uzoq masofadan darvoza to‘riga joyladi. Uchinchi gol ham gurjistonlik vinger ishtirokisiz kechmadi, u «Benfika»dan xarid qilingan David Neresni to‘p bilan ta’minlab berdi va braziliyalik futbolchi to‘pni qulay vaziyatdagi Simeonega yetkazdi. Tiagu Motta ketganidan keyin «Bolonya» qiyin damlarni boshdan kechirmoqda.

Germaniya: Myullerning abadiy rekordi

«Volfsburg» — «Bavariya» 2:3
Gollar
: Mayyer (47 penalti, 55) — Musiala (20), Kaminski (65, avtogol), Gnabri (82). 
«Volfsburg» – Grabara, Kaminski, Tseziger, Bornauv, Fisher, Svanberg (Vind, 86), Arnold, Tiagu Tomash, Mayer (Gerhardt, 78), Baku, Vimmer (Berens, 71).
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Upamekano, Kim Min Chje (Dayyer, 81), Boe (Myuller, 65), Pavlovich, Kimmix, Gnabri, Musiala, Olise (Koman, 75), Keyn.
Ogohlantirishlar: Keyn (31), Boe (46), Musiala (70), Svanberg (71), Tseziger (82).

Myunxenliklar uchun haqiqiy bahoni Chempionlar ligasidagi va ligadagi asosiy raqobatchilarga qarshi o‘yinlar ko‘rsatadi, ammo Volfsburgdagi o‘yinning birinchi bo‘limi ham Vensan Kompani boshqaruvidagi «Bavariya» odatdagi kabi kuchli ekanini ko‘rsatdi. «Bo‘rilar» yigirma daqiqa chidab berishgani faqat darvozabonning sa’y-harakatlari bilan bo‘ldi. Ammo Boe to‘pni Musialaga yetkazib berganida, Grabarida imkoniyat yo‘q edi.

Dastlabki 45 daqiqalikda «Bavariya»ning yagona muammosi vaziyatlardan foydalanishdagi oqsash bo‘ldi, ammo bu boshqa muammolarni keltirib chiqardi. Tanaffusdan keyin «Volfsburg» ilk jiddiy hujumida penalti ishladi va javob golini urdi. Keyin Mayyer jarima maydoni chizig‘idan turib ustunni aniq mo‘ljalga oldi, keyin esa xorvatiyalik hujumchi myunxenliklar mudofaasidagi xatodan foydalanib, dublni rasmiylashtirdi. Bu daqiqalarda mehmonlar parokanda ko‘rinishda edi.

Keyn esa «Bavariya»ni o‘ziga keltirdi, uning burchakdan uzatmasidan keyin Kaminski o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Lekin ushbu polyak bir necha daqiqa o‘tib Harriga deyarli ideal pozitsiyadan gol urishga yo‘l qo‘ymadi. Myunxenlik hujumchi qon hidini olib bo‘lgandi va biroz o‘tib Gnabriga golli pas berib, o‘yin taqdirini hal qildi. E’tiborli jihati, o‘yin Myuller maydonga tushishi bilan o‘zgara boshlagandi. Tomas uchun bu bundesligadagi 474-o‘yin bo‘ldi va bu — klubning yangi rekordi, bunga qadar eng yuqori natija afsonaviy darvozabon Zepp Mayyerga tegishli edi.

Kun statistikasi

  • «Renn» Liga 1 tarixida 3500 gol o‘tkazib yuborgan 1-jamoa bo‘ldi.
  • Fransiya chempionatida 2018/19 yillar mavsumidan buyon ilk bor ikki turdan keyin to‘rt jamoa 6 tadan ochko to‘play oldi.
  • «Bavariya» Germaniya chempionatida 13 mavsumda birinchi turda yutqazmasdan klub rekordini o‘rnatdi (+11=2).
  • Madueke «Chelsi»ning APLda het-trik qayd etgan 23-futbolchisi bo‘ldi. Ko‘klar «Arsenal»dan o‘zib ketgan holda turnir rekordini o‘rnatdi.
Ko‘proq yangiliklar: