“Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi 3-son qarori bilan tasdiqlangan Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
2023 yilda ma’muriy hamda jinoyat sudlarida nizolashayotgan 257 128 nafar oilalar doirasida jami 1 301 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa,, 2024 yil davomida bu raqam 222 706 nafar nizoli oilalar doirasida 2 938 tani tashkil etdi.
Shuningdek, 2024 yilda esa 222 706 nafar nizoli oilalardan jami 5 815 nafariga himoya orderi rasmiylashtirilib berilgan, ya’ni nizoli oilalarning 2,6 foizigina o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida order olishni lozim topgan.
Nizoli oilalarni o‘rganish jarayonida himoya orderi berish talab qilinadigan vaziyatlarda oilalar tomonidan himoya orderi olishdan bosh tortish holatlari natijasida oila-turmush jinoyatlari soni oshib borayotganligi kuzatilgan.
Shu bilan birga, joriy yil 6 oyi davomida jinoyatdan jabrlangan xotin-qizlar soni 4 734 nafarni tashkil etdi, shundan 385 tasi shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlar hisoblanadi.
Bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq hamda zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida berilishi ayollarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlik holatlarining takrorlanishi oldini olish, jabrlanganlar himoyasi ta’minlanishiga yanada xizmat qiladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – zo‘ravonlik holatini nazorat qilishning yanada samarali mexanizmni yaratish bo‘lib sanaladi.