2013 yilda 63 mamlakat va 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlarni birlashtirgan Ko‘p o‘lchovli kambag‘allik bo‘yicha Global hamkorlik tarmog‘i (Multidimensional Poverty Peer Network (MPPN) tashkil etilgan bo‘lib, u siyosatchilarga ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni baholashda, uni kamaytirish bo‘yicha yanada samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam beradi. Ushbu tarmoq doirasidagi yillik uchrashuvlar Berlin (2014 y.), Kartaxene (2015 y.), Akapulko (2016 y.), Pekin (2017 y.), Yoxannesburg (2018 y.), Mae (2019 y.) va Santyagoda 2021 yilda bo‘lib o‘tgan. Shu kabi uchrashuv joriy yilda O‘zbekistonda ham bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan faol shug‘ullana boshladi. Kambag‘allik birinchi marta prezidentning 2020 yildagi Murojaatnomasida mamlakat uchun o‘ta muhim masala sifatida rasman tan olindi. O‘sha paytda 6 millionga yaqin odam kambag‘al bo‘lib, mehnatga layoqatli aholining 41 foizi norasmiy sektorda band edi.
"Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri" axborot tizimining yaratilishi aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada kuchaytirish imkonini berdi. 2017 yilda ijtimoiy yordam olgan oilalar soni 500 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,3 millionga yetgan. 2018 yildan 2023 yilgacha ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha xarajatlar 3,7 barobarga sezilarli darajada oshdi.
Yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allik muammosini bartaraf etish uchun "Har bir oila – tadbirkor" hamda "20 ming tadbirkor va 500 ming malakali mutaxassis" dasturlari ishga tushirildi. Shuningdek, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan ayollarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkor ayollarga ham alohida yordam ko‘rsatilmoqda.
2022 yilda eng kichik ma’muriy birlik – mahallalar darajasida kambag‘allikni kamaytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "Mahallabay" milliy tizimi joriy etildi, ularning soni mamlakatda qariyb 9,4 mingtani tashkil etadi. 2022-2024 yillarda tizim tomonidan 977,6 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 1,7 milliard dollar miqdorida mikrokreditlar, shuningdek, 152 ming nafar aholiga qariyb 52 million dollarlik subsidiyalar ajratildi. Ushbu tizimning joriy etilishi tufayli 2021 yil boshidan buyon O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga sezilarli darajada kamaydi. Deyarli 2 millionga yaqin odam kambag‘allikdan chiqarildi.