Britaniya va AQSh maktablarida telefonga taqiq qat’iylashyapti. Nega?

Jahon 15:58 / 26.08.2024 10813

AQShda vaziyat qanday?

AQSh maktablarining aksarida telefondan foydalanish siyosati mavjud. 2021-2022 o‘quv yilida maktablarning 76 foizi telefondan akademik maqsadlarda foydalanishni taqiqlagan. Florida shtatida 2022/2023 o‘quv yilida dars vaqtida telefon ishlatish taqiqlandi va maktablar Wi-Fi tarmog‘i orqali ijtimoiy tarmoqlarga kirishni blokladi.

Aholisi ko‘p bo‘lgan Nyu-York va Kaliforniya shtatlari taqiq bo‘yicha yangi siyosat qo‘llamoqchi. 2024/2025 o‘quv yilidan Kaliforniyadagi barcha maktablarda mobil telefondan foydalanish taqiqlanadi. Chikago, Men va Virjiniya maktablarida ham telefondan foydalanish bo‘yicha cheklovlar boshlangan.

Buyuk Britaniya taqiqni kuchaytiryapti

Britaniya ham maktablarda telefondan foydalanishni cheklash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqqan. Bu o‘quvchilarga xalaqit beruvchi omillarni minimallashtiradi va onlayn bullingning oldini oladi deb hisoblayapti hukumat.

Maktablar o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib individual qoidalar ishlab chiqadi. Ayrim maktablar faqat tanaffuslar va ovqatlanish vaqtida telefondan foydalanishga ruxsat bersa, boshqalari butunlay taqiqlaydi. Shuningdek, o‘qituvchi o‘quvchini tintib ko‘rishi, taqiqlangan buyumni tekshirishi mumkin. Jarayonda buyumlar yo‘qolsa yoki shikast yetsa, o‘qituvchilar javobgar bo‘lmaydi.

Qarama-qarshi tadqiqotlar

AQShdagi tadqiqotlar telefon o‘quvchilarni darsdan chalg‘itishi va kiberbullingga sabab bo‘lishini ko‘rsatadi. 11-17 yoshli o‘quvchilarning 97 foiziga maktab soatlari davomida o‘rtacha 237 ta bildirishnomalar keladi. Bu esa maktabdagi soatlarning yarmiga teng. Pew tadqiqotida esa Qo‘shma Shtatlardagi 70 foiz maktab o‘qituvchisi telefonning chalg‘itishini asosiy muammo deb hisoblagan.

Britaniyada 2016 yilda o‘tkazilgan tadqiqotda telefondan foydalanish va akademik o‘zlashtirish o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlagan. Maktablarda telefon taqiqlanganda 16 yoshlilar test natijasi yaxshilangan.

Biroq ba’zi tadqiqotlar telefonni o‘chirish kognitiv qobiliyatni qisqartiradi deb hisoblaydi. 2019 yili o‘tkazilgan tadqiqotda esa kuniga 3 soatdan ortiq ijtimoiy tarmoqda o‘tiradigan o‘smirlar depressiya va asabiylik kabi ruhiy muammolarga 2 marta ko‘proq duch kelishlari isbotlangan.

Taqiqning jismoniy va ruhiy sabablari

AQShda maktabda elektron qurilmalarni taqiqlash 1980 yildan beri muhokama qilib kelinadi. Dastlabki tanqidchilar telefonlar o‘quvchilarni chalg‘itadi va narkotik savdosiga aralashtirib qoladi degan fikrda. 1999 yilda Colorado's Columbine maktabidagi otishmada 13 kishi vafot etgan. Shundan keyin ota-onalar bolasining xavfsizligidan xabardor bo‘lish uchun maktabda telefonni qaytarishni talab qilgan.

Telefondan foydalanishni nazorat qilish pandemiyadan keyin yoshlarning ruhiy salomatligi bilan bog‘liq tashvish to‘lqini fonida sodir bo‘ladi. Maktablarda kiberbulling, chalg‘ish va imtihonlarda ko‘chirish sabablari tufayli taqiq yana qaytdi. 1 milliondan ortiq o‘quvchisi bor Nyu-York shtati 2015 yildan telefon borasida maktablar taqiq siyosatiga mustaqillik berdi.

Bosh jarroh Vivek Merti ijtimoiy tarmoqlar bolalarda tashvish va ruhiy tushkunlik alomatlarini boshdan kechirish xavfini oshirishini ta’kidladi. “O‘quvchi maktabda nafaqat o‘rganyapti, balki bir vaqtning o‘zida do‘stlariga xabar yozish va javob qaytarishi, doimiy yangilik sahifasini yangilab turishiga ham to‘g‘ri kelyapti”, – degan u. Shifokorga ko‘ra, chalg‘ish o‘rganishni qiyinlashtirishidan tashqari, o‘quvchining do‘stlashuvi va ijtimoiylashuvini ham kamaytirib qo‘yyapti.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti telefonlar o‘quvchilarni chalg‘ituvchi manba ekani, kiberzo‘ravonlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Tashkilot dunyo bo‘ylab har 4 mamlakatdan bittasida maktablarda telefonni taqiqlovchi siyosat borligini ma’lum qilgan.

Taqiqlash ish beradimi?

Los-Anjyeles maktabining 6 yillik o‘qituvchisi Rafayela Hojyes bolalarning ijtimoiylashuvida katta o‘zgarish sezganini aytadi.

Telefonni cheklash siyosati o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-ona o‘rtasidagi kelishuvsiz ish bermaydi. Juda ko‘p muammolar paydo bo‘ladi. Los-Anjyelesda boshqaruv kengashi a’zolari qurilmalarni kelgusi yildan taqiqlash uchun ovoz berdi. Ammo siyosat qanday ishlashi hali aniq emas”, – deydi AQSh Milliy maktab xavfsizligi va xavfsizlik xizmatlari prezidenti Ken Tramp.

AQShda va butun dunyoda telefonga taqiq bo‘yicha ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘smirlarning o‘rtasida kurash ketyapti”, – deydi “Tashvishli avlod” kitobi bosh tadqiqotchisi Zak Rauch.

Amerika shifokor amaldorlari ijtimoiy tarmoq va sahifalarda ogohlantirish belgilari bo‘lishi kerakligini taklif qilyapti. Xuddi sigaret qutilari ustida turadigan yozuvlarga o‘xshab.

Los-Anjyeleslik 18 yoshli Alisa BBC’ga telefonsiz o‘rta maktabda o‘qishni tasavvur qila olmasligini aytdi. “Maktabimizda juda katta kampuslar bor. Ularning hammasini nazorat qilish oson emas. Mas’ullar borsa ham ko‘ra olmaydigan qanchadan-qancha joy bor”, – degan u.

Ko‘proq yangiliklar: