Yangi o‘quv yilida 5 ta OTM ish boshlaydi

O‘zbekiston 17:57 / 25.08.2024 21923

Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublikamizda oliy ta’lim muassasalari soni 211 tani tashkil etadi. Ular – 112 ta davlat, 30 ta xorijiy va 69 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, 2024/2025 o‘quv yilida respublika davlat oliy ta’lim muassasalarida jami 1 mln 167 ming nafardan ortiq, jumladan, ikkinchi va undan yuqori kursda 652 ming nafar, birinchi kursda 215 ming nafardan ortiq talaba ta’lim olishi kutilmoqda.

2024/2025 o‘quv yilida 5 ta yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyatini boshlaydi:

- Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (davlat OTM);

- Toshkent tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali (davlat OTM);

- M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining Chirchiq shahridagi filiali (xorijiy OTM filiali);

- Toshkent Amerika texnologiyalar universiteti (nodavlat OTT);

- Toshkent Metropoliten universiteti (nodavlat OTT).

Ta’kidlanishicha, Top-300 oliygoh ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizgacha maqbullashtirilgan, natijada 306 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 183 taga, 645 ta magistratura mutaxassisliklari 546 taga qisqartirilgan.

2024/2025 o‘quv yili boshlanishiga oliy ta’lim muassasalarining 70 dan ortiq obektlar mukammal va joriy ta’mirlash ishlari yakunlangan. Shu bilan birga, yangi o‘quv yili boshlangunga qadar 3 200 o‘rinli 3 ta yangi o‘quv binosi va 3 000 o‘rinli 4 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: