Tadbirkorlar bilan muloqot, anomal dizel importi va soqol uchun jarima - hafta dayjesti

O‘zbekiston 22:01 / 24.08.2024 10000

Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni 2 yilda yakunlanishiga ishonch bildirdi. O‘zbekistonning ittifoqchilari soni yana bittaga ko‘paydi. Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinmoqda. Qator hududlarda soqol o‘stirgan fuqarolar jarimaga tortilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

O‘tgan yili 1 noyabrdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator yangi moddalar qo‘shilgan edi. Shu hafta ma’lum bo‘lgan holatlardan kelib chiqilsa, yangi moddalardan biri bo‘yicha Oliy sud plenumining tushuntirishi yoki Konstitutsiyaviy sudning sharh berishiga zarurat bor.

Kodeksning 184 prim 4-moddasiga ko‘ra, fuqarolarga shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda jamoat joylarida bo‘lish taqiqlangan. Buning uchun BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima belgilangan. Oliy sud saytidagi sud qarorlari bazasiga qaraganda, ichki ishlar organlari va sudlar qator holatlarda bu moddani soqol qo‘ygan fuqarolarga nisbatan ham qo‘llamoqda. Ya’ni jamoat joyida soqol o‘stirib yurish – shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzni to‘sish deya malakalanyapti.

Turli hududlardagi sudlarning qarorlaridan ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar organlari “diniy muhitni sog‘lomlashtirish” bo‘yicha reydlar o‘tkazib turibdi. Bu reydlarda soqoli o‘sgan erkaklar yuqoridagi modda asosida jarimaga tortilishi holatlari kuzatilyapti. Sudlarning bunga munosabati esa turlicha: ayrim sudlar ayblovni ma’qullab, fuqaroni jazolayotgan bo‘lsa, yana ayrim sudlar fuqaroni soqol o‘stirgani uchun bu modda asosida ayblab bo‘lmaydi, degan qarorga kelmoqda.

Umuman olganda esa, 184 prim 4-modda bo‘yicha huquqbuzar deb topilayotgan fuqarolarning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu modda kuchga kirganidan keyin o‘tgan 10 oy ichida ayni masalaga doir 800 ga yaqin ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning yarmi birgina Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti

Bundan buyon hech kimda alohida huquq bo‘lmaydi. Xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda hamma teng sharoitda bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust kuni, tadbirkorlar bilan an’anaviy muloqoti vaqtida aytib o‘tdi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga 2026 yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yyapti.

Ushbu tashkilotga kirish – chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.

Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazyapmiz. [...] Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi”, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yuridik shaxslarning limitdan tashqari elektr va gaz iste’molchi uchun oshirilgan tarif pasaytirilishini ma’lum qildi. Hozirda tadbirkorlar limitdan oshgan iste’mol uchun 2 barobar narxda to‘layapti. Yangi tartibga asosan, bu cheklov qisqartirilib, limitdan 20 foizgacha ortiq iste’mol bazaviy tarifda, undan ortig‘i esa bazaviy tarifga nisbatan hozirgidek 2 barobar emas, 20 foizga yuqoriroq narxda hisob-kitob qilinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlik reytingida “yuqori” va “o‘rta” toifalardagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Prezident ochiq muloqotda tadbirkorlar uchun yana ko‘plab ijobiy yangiliklarni e’lon qildi. Bu galgi muloqot Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi va muloqotdan bir kun oldin Qoraqalpog‘istonga tashrif doirasida hududni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi choralar belgilab olindi. Qoraqalpog‘iston aholisiga qulay sharoitlar yaratib berish uchun respublika budjetidan yil yakunigacha qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva va prezident maslahatchisi Tursinxon Xudayberganov zimmasiga yuklatildi.

YTHlarning 11 foizini “prava”si olib qo‘yilgan haydovchilar sodir etmoqda

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan shaxslar rulga o‘tirib, avariya sodir etishi oqibatida har yili yuzlab odamlar halok bo‘ladi. O‘tgan yili bunday shaxslar 707 ta yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Ularda 212 kishi vafot etgan, 546 kishi jarohatlangan. Bu haqda Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi boshlig‘i Sherzod Ibragimov bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Bu o‘rinda, organ xodimlarining foto-videolari haqidagi modda sababli ko‘pga cho‘zilayotgan, aslida qoidabuzar haydovchilarni tiyishga qaratilgan qonunni yana eslatishga to‘g‘ri keladi. O‘tgan hafta Senatdan qaytarilgan qonunda nafaqat jarima ballari tizimini joriy etish, balki transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs yana rulga o‘tirsa, uni jinoiy javobgarlikka tortish ham ko‘zda tutilgan edi. Bizningcha, “prava”si olib qo‘yilgan haydovchilar yiliga 200 kishini o‘ldirayotgani, yana 550 kishini jarohatlayotgani – amaldagi tizim qanchalik samarasiz ishlayotganini ko‘rsatib turibdi.

Qutbiddin Burhonov respublika “GAI” boshlig‘i bilan muloqotda piyodalar uchun svetoforlar kamligi masalasiga urg‘u bergani e’tiborga molik. U aholi gavjum joylardagi piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar qo‘yilmayotganini tanqid qilgan. Shunga qaramay, rasmiy xabarga ilova qilingan takliflar ro‘yxatidan piyodalar uchun svetoforlarni ko‘paytirish masalasi o‘rin olmagan.

Energetikadagi xabarlar

O‘zbekiston–2030 strategiyasiga ko‘ra, mamlakatimizda tabiiy gaz qazib olish hajmi 6 yil ichida 32 foizga oshib, 62 mlrd kub metrga yetishi kerak. Lekin amalda qazib olish hajmlari yildan yilga qisqarishda davom etyapti. Statistika agentligining ma’lum qilishicha, shu yil yanvar-iyul oylarida gaz qazib olish hajmi 4,8 foizga kamaygan. Import hajmi esa katta sur’atlarda oshyapti: 7 oylik gaz importining qiymati salkam 1 mlrd dollarga yetib qolgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 barobarga ko‘p.

Oxirgi vaqtlarda dizel va propan ta’minotidagi vaziyat ham ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. 22 avgust kuni birjada propan narxi tonnasiga 8,8 mln so‘mgacha chiqdi, bu 3 oy oldingi narxlardan 84 foizga yuqori. Dizel masalasida esa, bu yoqilg‘i importi oxirgi 2 yilda 7,3 barobarga oshgani muhokamalarga sabab bo‘ldi, chunki dizel importining bunday keskin oshishi GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyingi davrga to‘g‘ri kelgan. Bu zavod O‘zbekistonda dizel, propan va aviakerosin ta’minotini yaxshilab, bu mahsulotlar narxlarini arzonlashtirishi kutilgan edi. Amaldagi vaziyat esa zavod qurilishi uchun “O‘zbekneftgaz” qarzlar hisobidan 3,4 mlrd dollar sarflaganiga nisbatan savollarni yuzaga keltiryapti.

Dizeldan tashqari, oxirgi 1 yilda mazut importi 2 barobarga, benzin importi esa 1,5 barobardan ko‘proqqa oshgan. Bu ma’lumotlarni ochiqlagan Bojxona qo‘mitasi tabiiy gaz bo‘yicha raqamlarni taqdim etmadi. Agar ochiqlanganida, bu – O‘zbekiston gazni o‘rtacha qancha narxdan sotib olayotgani va qancha narxga eksport qilayotganini bilish imkonini bergan bo‘lardi.

Energetika sohasida haftaning muhim xabarlaridan yana biri – Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining bir qismi qayta sotilgani bo‘ldi. Saneg kompaniyasining ma’lum qilishicha, zavod aktivlarining bir qismi Amerikaning Air Producs kompaniyasiga 140 mln dollarga sotilyapti. E’tiborlisi, Saneg'ning o‘zi ikki yil oldin neftzavodni to‘laligicha 100 mln dollarga xususiylashtirib olgandi. Kompaniya buning uchun davlatga to‘lovni hali to‘liq amalga oshirmagan.

Korrupsiya holatlari

Namangan viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Saidahmad Sultonovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ma’lum bo‘lishicha, u yo‘llar qurilishi bo‘yicha loyihalarni hech qanaqa tendersiz bitta kompaniyaga topshirib, buning uchun kompaniya rahbaridan kamida 50 ming dollar olgan. Bundan tashqari, Sultonov tadbirkorlardan “Navbahor” futbol klubi uchun homiylik mablag‘i deya 30 ming dollar olib, uni shaxsiy maqsadlariga ishlatib yuborgan. Shu va boshqa jinoyatlari uchun viloyat darajasidagi sobiq amaldor 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Hafta davomida yana qator mahalliy rahbarlar ustidan jinoyat ishlari ochilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Andijon viloyati Baliqchi tumani hokimi o‘rinbosari 30 ming dollar bilan qo‘lga olingan. U 2019 yilgi sana bilan tuman hokimining qarorini tayyorlab, hokimlik zaxirasidagi yer maydonini sotmoqchi bo‘lgani aytilmoqda. Shuningdek, Shahrisabz shahri hokimining mahalladagi yordamchisi jinoiy sheriklari bilan birga fuqarolar nomiga 1,2 mlrd so‘mlik kredit olib, talon-toroj qilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Toshkent va Jizzaxda ham hokim yordamchilari pora bilan qo‘lga tushdi: yer sotishga uringan O‘rta Chirchiq hokimining yordamchisi 13 ming dollar, shifoxonaga ishga joylab qo‘yishni va’da qilgan G‘allaorol hokimi yordamchisi esa 1200 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘zaro munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqdi. Bu haqdagi shartnoma 23 avgust kuni Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolandi. Muzokaralarda tomonlar O‘zbekistondan Ozarboyjon orqali Yevropaga yashil energiya eksport qilish loyihasini tezlashtirishga kelishib oldi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston shu yil aprelda Tojikiston bilan, 2021 yilda esa Qozog‘iston bilan ham ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgan edi.

Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi. Bu haqdagi qonun 20 avgust kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tdi. Hujjat kuchga kirgach, Toshkent shahri va viloyati uchun alohida belgilangan, konstitutsiyaga zid, diskriminatsion tartibdan voz kechiladi va butun respublika hududida yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning yagona tartibi amal qila boshlaydi. Bunda, yashash joyini o‘zgartirgan fuqaro bu haqda “pasport stol”ga xabar berib qo‘yishi yetarli bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, aslida bu qonun loyihasi parlamentga bundan bir yil oldin kiritilishi kerak edi.

Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun “sirli” tarzda qabul qilindi. Qonunchilik palatasining seshanba kungi majlisi doimgidek onlayn efirga uzatib borilgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay efirdan tashqarida ham majlis bo‘lgani oydinlashdi. Unda deputatlar “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgan. Yopiq tarzda qabul qilingan qonun “ochiqlik siyosatini yanada kengaytirishi” aytilmoqda. Xususan, inson huquqlarining buzilishiga oid ma’lumotlarni maxfiylashtirish taqiqlanadi.

Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumida ovoz berish jarayoni boshlandi. 2 trillion so‘mlik budjet mablag‘iga 23 mingdan ortiq tashabbus da’vogarlik qilyapti. Bu mavsumdan boshlab, majburiy ovoz to‘plashga qarshi kurashish uchun, ovoz berish muddati 10 kungacha kamaytirildi. Shuningdek, aholisi kam mahallalarning imkoniyatini oshirish maqsadida, oxirgi ikkita mavsumda ketma-ket g‘alaba qozongan mahalla va tashkilotlarning g‘olib chiqishiga cheklov o‘rnatildi. Ovoz berish jarayoni 1 sentabrgacha davom etadi. Majburiy ovoz to‘plash holatlari haqida 1282 ishonch telefoni orqali xabar berish mumkin.

O‘zbekistonga maishiy texnika mahsulotlari importi keskin kamaydi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida konditsioner importi 1,5 barobarga qisqargan. Sovitkich va muzlatkichlar importi 35 foizga, dazmol importi 46 foizga, televizor importi 43 foizga kamayib ketgan. Eslatib o‘tamiz, shu yil 1 fevraldan boshlab maishiy texnika mahsulotlari importiga qator notarif to‘siqlar qo‘yilgan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga esa imtiyozlarning yangi paketi taqdim etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: