O‘zbekiston va Ozarboyjon Yevropaga “yashil” energiya eksport qilish bo‘yicha loyihani tezlashtiradi 

O‘zbekiston 07:32 / 24.08.2024 3956

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etdi. Bu, O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochilganini anglatadi va tomonlarning ko‘p qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi.

Davlat rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini ta’kidladi. Ilhom Aliyevni Ozarboyjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy ozarboyjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.

Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish obektlari faol qurilayotgan Qorabog‘ qayta tiklanayotganiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Ozarboyjonni bu olijanob ishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya yili deb e’lon qilish hamda 20 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha dastur qabul qilishga ahdlashildi.

Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish bo‘yicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Shu ma’noda, bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Transport bog‘liqligini, shu jumladan Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar "yashil" energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha keng ko‘lamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu bo‘yicha "yo‘l xaritasi" qabul qilinadi, shuningdek, Qo‘qon shahrida navbatdagi hududlar forumi o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: