Bular futbol haftaligiga o‘ziga xos chigalyozdi edi. Bugundan esa, Yevropa bo‘ylab bayram davom etadi.
BRAYTON – MANCheSTeR YuNAYTeD (24 avgust, 16:30)
APL navbatdagi turida g‘alaba qozonish imkoniyati bir-biriga eng yaqin bo‘lgan juftlik. «Brayton» birinchi turni yangi murabbiy bilan juda yuqori saviyada o‘tkazdi va safarda «Everton» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. «Manchester Yunayted» esa «Fulhem»ni minimal ustunlik bilan yenggan bo‘lsa-da, umumiy o‘yin sifati bo‘yicha o‘tgan yilgidan keskin farq qilishini ko‘rsata oldi. Yangi qo‘shilgan futbolchilar, jarohatlarning kamayishi hech bo‘lmasa ikki yil oldingi raqobatbardosh «iblislar»ni taqdim etsa ajab emas.
APL doirasidagi oxirgi besh o‘yindan to‘rttasida «Brayton»ning qo‘li baland kelgan. «MYu» faqat may oyida, hech narsani hal qilmaydigan so‘nggi tur o‘yinida g‘alaba qozona oldi, xolos. Ayniqsa, mavsum boshlarida an’anaviy tarzda «Brayton» juda yaxshi sport formasida bo‘ladi va bir muddat turnir jadvalini boshqargan davrlar bo‘lgan. Aynan ten Hag davrida har ikki mavsum boshida «Brayton» «Old Trafford»da g‘alaba qozonib ketgandi. Jumladan, ten Xagning «MYu» boshqaruvidagi ilk o‘yini ham aynan «Brayton»ga qarshi bo‘lib o‘tganini eslasangiz kerak. Ayni damda Fabian Hurzeler shogirdlari qatorasiga besh o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonib kelishmoqda – besh g‘alabadan uchtasi yirik hisobda.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, har ikki tomonda ham yo‘qotishlar bor. Mehmonlardan hamon Rasmus Hoylund lazaretda. Shuningdek, chap qanot himoyachilari Shou va Malasiya katta ehtimol bilan bir oydan keyin maydonga qaytishadi. Shuningdek, Erik ten Hag Lindelyofning tiklanib ulgurmaganini matbuot anjumanida oshkor qildi. Mavsumoldi o‘yinlarning eng yaxshi futbolchisi Amad esa, boshqa sabablar bilan sheriklariga yordam bera olmaslik ehtimoli katta. Kecha futbolchining onasi vafot etdi. «Brayton» safida ham jarohatlanganlar ruyxati juda uzun va ularning ko‘pchiligi o‘tgan mavsumdan beri safga qaytgani yo‘q. Xususan, Fergyuson, Estupinyan, Lempti kabi futbolchilar o‘tgan mavsumda og‘ir jarohat olishgandi. Ensiso esa jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lgandi, ammo Parijdagi olimpada o‘yinlarida yana bir oyga safdan chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, bu yo‘qotishlar anchadan beri murabbiylar shtabiga ma’lum bo‘lib, albatta, ilk turlardan «Brayton» o‘zining optimal tarkibida harakat qilayotganini ham aytish mumkin.
ASTON VILLA – ARSeNAL (24 avgust, 21:30)
Angliyadagi shanba kungi o‘yinlarni YeChLning ikki ishtirokchisi bo‘lmish peshqadamlarning o‘zaro bahsi tugatib beradi. Birminghemliklar o‘tgan mavsumda «Arsenal»ga qay tariqa munosib qarshilik ko‘rsatganini va uyda g‘alaba qozonganini eslasangiz kerak. Emeri shogirdlari o‘z yurishlarini yangi mavsumdan ham davom ettirmoqchi ekanini ilk turda Londonda isbotlashdi va ancha kuchaygan «Vest Hem» ustidan g‘alaba qozonildi. Haqiqiy imtihon esa bugun bo‘lib o‘tadi. Eng muhimi — «Aston Villa» «Nyukasl»ning o‘tgan mavsumdagi holatiga tushib qolmaslikka urinishi tabiiy. Ikki frontda o‘ynay boshlagan Eddi Hau jamoasi yakunda har ikki turnirda ham muvaffaqiyatsizlikka uchragani tajribasi Emeriga dars bo‘lgani shubhasiz. Balkim shuning uchun «Aston Villa» transfer bozorida faol bo‘ldi va prioritet sifatida qandaydir yulduzlarni sotib olish emas, tarkibni kengaytirish bilan shug‘ullandi. Saviya jihatidan bir biriga yaqin bo‘lgan bir necha futbolchilarning bo‘lishi o‘z vaqtida rotatsiya qilish imkonini berish bilan birga har bir pozitsiya uchun raqobat muhitini yaratadi.
«Arsenal» esa ba’zi mutaxassislar nazdida hatto «Manchester Siti»dan ham ko‘proq favorit sifatida tilga olinayotgani sir emas. Arteta uch yildan buyon ayni yo‘nalishda ish olib borib, jamoani asta-sekinlik bilan o‘stirib kelyapti va amalga oshirilayotgan transferlar ham tabiiyki, umumiy holatni kuchaytiradi. O‘tgan mavsumni to‘lig‘icha o‘tkazib yuborgan Timber, shuningdek Kalafiorining himoya chizig‘iga kelib qo‘shilishi o‘yindagi rang-baranglikni oshirsa, «Sosiyedad»dan sotib olinayotgan Mikel Merino maydon markazida qo‘shimcha opsiyalar taqdim etishi turgan gap. Xullas, «Aston Villa» va «Arsenal»ning eng o‘xshash tarafi – yangi mavsumga kirib kelishi umuman sezilmagan, ya’ni birinchi turda xuddi o‘tgan mavsum davomidek maydonga tushib, o‘zini ko‘rsata olgan jamoalardir.
Yuqorida faqat Birminhemdagi uchrashuvni esladik, ammo agar yaxshilab e’tibor berilsa, o‘tgan mavsumda «Arsenal»ni chempionlik orzusiga asosiy zarbani aynan «Aston Villa» bergandi. Aynan «Villa»ga qarshi Londondagi o‘yinda kutilmaganda boy berib qo‘ygan «Arsenal» ochkolar bo‘yicha «Manchester Siti»ni o‘tkazib yuborgan va shundan so‘ng Pep Gvardiola o‘z o‘yinlarini yutib navbatdagi chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Demak, bu jamoada «Arsenal»ning juda katta alami bor va qasos kechikmasligi kerak. Qizig‘i, shu eslangan ikki mag‘lubiyatdan avval «Arsenal» qatorasiga to‘rt o‘yinda birminhemliklar ustidan g‘alaba qozongandi.
BARSeLONA – ATLeTIK (24 avgust, 22:00)
Ispaniyada El Klasiko faqat «Real» va «Barselona» o‘rtasidagi o‘yinlar emasligini yaxshi bilasiz. Bilbao jamoasining bu jamoalarga qarshi o‘yini ham shunday nomlanadi, sababi, chempionat tarixida quyi ligaga tushib ketgan uch jamoa aynan shulardir.
«Atletik» o‘tgan mavsumda o‘ziga yarasha sakrashni amalga oshirdi va La Ligada beshinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Agar «Jirona»ning syurprizi bo‘lmaganda yoki ispan jamoalari yevrokuboklarda yaxshiroq qatnashib, beshinchi YeChL yo‘llanmasini ham o‘zlariniki qilib olishganda, bilbaoliklar bu mavsumda ushbu nufuzli turnirda qatnashgan bo‘lardilar. Bundan tashqari, «Atletik» Qirollik kubogini ham qo‘lga kiritdi. E’tiborli tarafi, «Atletik» ushbu turnirda «Barselona»ni ham mag‘lubiyatga uchratgandi. Hali yangi yil boshida bu raqiblar Ispaniya Superkubogi finaliga chiqish uchun bahsda ham o‘zaro to‘qnash keladi. Xullas o‘z vaqtida «Barselona»ni boshqarib, iste’foga chiqarilgan Ernesto Valverdeda sobiq klubidan o‘ch olish uchun imkoniyatlar bo‘ldi va yana bo‘ladi ham. Shuningdek, Niko Uilyamsning Barselonada o‘zini qay tariqa namoyish qilishi ham qiziq bo‘lsa kerak. Yevropa chempionati tugaganidan buyon kichik Uilyamsning «Barsa»ga kelishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar tinmayapti. Ayni damda bu mavzu biroz tinchigan bo‘lsa-da, transfer oynasi oxirigacha har narsa bo‘lishi mumkin.
Mehmonlar optimalga ancha yaqin bo‘lgan tarkibda tashrif buyurishmoqda va jamoa o‘zagini tashkil qiladigan deyarli barcha futbolchilar o‘yinga tayyor. Faqatgina Ispaniya milliy jamoasi posboni Unai Simonda kichik jarohat bor va uning maydonga tushishi so‘roq ostida. Dastlabki turda ham bilbaoliklar darvozasini Agirresabala qo‘riqlagandi. Darvoqe, 1-turda «Atletik» o‘z maydonida «Xetafe» bilan 1:1 o‘ynadi, «Barselona» esa safarda «Valensiya» ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.
Mezbon jamoa tarkibida yo‘qotishlar ko‘proq. Gavi va Ansu Fati katta ehtimol bilan kelasi oy boshida safga qaytishsa kerak. Frenki de Yong esa kamida ikki oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Dani Olmoni nihoyat turnirga zayavka qilish imkoni tug‘ildi, zero Ilkay Gundo‘g‘an «Manchester Siti»ga yo‘l olganidan xabaringiz bor. Ammo 26 yoshli yarimhimoyachining jismoniy holatida muammolar bor, u ham navbatdagi o‘yinda maydonga tusha olmaydi. Yana bir jarohatlangan futbolchi Ronald Arauxo – u hatto bu yil o‘ynay olmasligi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, «La Masiya»ning imkoniyatlari keng ekanini so‘nggi yillarda ko‘rib kelyapmiz – xususan, birinchi turda Kasado va Bernal kabi yosh futbolchilar maydon markazida xukmronlik qilishdi.
NAPOLI – BOLONYa (25 avgust, 23:45)
Bu jamoalar uchrashuvi nafaqat o‘tgan yillardagi peshqadam jamoalar bo‘lganliklari uchun, balkim bu mavsumga qay holatda kirib kelayotganini ko‘rish uchun ham qiziqarli. Masalan, «Bolonya» shov-shuv ko‘tarib, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, o‘zgarishlar katta – avvalo bosh murabbiy. Shuningdek, Kalafiori, Zirkze kabi yetakchi futbolchilar ham tark etdi. So‘nggi uch yilni «Fiorentina»da o‘tkazgan Vinchenso Italianodan Mottaning o‘rnini bosishni kutmasak ham, har xolda YeChL ishtirokchisi mavsumda qanday bo‘lishi qiziqarli. Birinchi turda o‘z maydonida «Udineze» bilan durang, yagona gol ham penaltidan kiritilgani go‘yoki «Bolonya»ni «qog‘ozda» nursizdek ko‘rsatsa-da, aslida o‘yin tamoman boshqacha ssenariyda o‘tdi. «Bolonya» raqib darvozasiga 22 marotaba zarba berdi, 5 ta o‘ta xavfli vaziyatga ega bo‘lib, atigi bittasidan foydalandi. xG bo‘yicha birinchi turning eng yaxshi ko‘rsatkichi ham aynan «Bolonya»da. Ammo raqib atigi bitta vaziyatdan gol urib, ochko olib ketdi.
«Napoli»ga kelsak, Antonio Kontedek shaxsning kelishi, tabiiyki, alohida e’tiborni jalb qiladi. Murabbiy shu paytgacha Italiyada o‘zi ishlagan jamoalarni chempionlik shohsupasiga olib kelgan ham. Odatda Konte jamoalari ayniqsa, dastlabki turlarni juda kuchli boshlab, turnir jadvalida ustunlikni qo‘lga kiritishi kerak edi ham. Ammo kutilmaganda, «Verona»dan yirik mag‘lubiyat qabul qilib olindi. Aynan mana shu natija ham «Napoli»ning navbatdagi o‘yiniga qiziqishni oshirishi turgan gap. Kontening bu mag‘lubiyatga reaksiyasi albatta, ko‘pchilik uchun qiziq. Maydonda qanday javob bo‘lishini endi ko‘ramiz-u, transfer bozorida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. «Napoli» Lukaku bo‘yicha «Chelsi» bilan kelishuvga erishdi va Konte yana o‘z hujumchisi bilan birlashdi. Albatta, «Bolonya»ga qarshi o‘yinda Lukakuni ko‘ra olmaymiz, ammo boshqa xaridni — «Benfika»dan 25 million yevroga sotib olingan David Neres maydonga tushishi mumkin.
O‘tgan mavsumda aynan Neapolda bo‘lgan uchrashuvda mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Birinchi davradagi o‘yinda esa hisob ochilmagan.
ATLeTIKO – JIRONA (26 avgustga o‘tar kechasi, 00:30)
Ispaniyada yana bir qiziqarli to‘qnashuv Madridda bo‘lib o‘tadi. O‘tgan mavsum kashfiyoti «Jirona» bu yil ham o‘z darajasini ushlab tura oladimi? O‘tgan mavsumda kuchli uchlikka kirishda katta hissa qo‘shgan Dovbik, Alesh Garsiya, Savio kabi futbolchilarning o‘rni qay darajada bilinadi? Kelganlar qay darajada tarkibga moslashib keta oladilar? Bir qator e’tiborli xaridlarni amalga oshirgan «Atletiko»chi? Syorlot yangi Morata bo‘la oladimi? Alveres-chi? Gallaherga qanday vazifa topib berish mumkin? Savollar ko‘p va birinchi turda ko‘p masalalar ochiq qolganini ham e’tirof etish lozim. «Atletiko» «Vilyarreal» maydonida durang o‘ynagan bo‘lsa, «Jirona» «Betis» bilan safarda ochkolarni bo‘lishib oldi. Ya’ni har ikki jamoa ham ancha qiyin o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi. Bu jamoalarning oxirgi 5 ta o‘zaro o‘yinida durang qayd etilmaganini ham inobatga olsak, ancha kurashlarga boy to‘qnashuvni kutishga haqqimiz bor. Umuman hammasi bo‘lib, o‘zaro 10 o‘yindan atigi bittasida kataloniyaliklarning qo‘li baland kelgan – besh uchrashuv durang bilan yakunlangan. «Jirona»ning o‘sha yagona g‘alabasi ham ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘tgan mavsumda jamoa o‘z maydonidagi o‘yinning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarida gol urib, hisobni 4:3 ga yetkazgandi.
Yana bir e’tiborli jihat, «Atletiko»ning yangi xaridlari, xususan — Le Norman, Gallaher, hamda Alvares ham iyulda tugagan qit’a chempionatlarida o‘z milliy jamoalari bilan finalgacha borishdi. Ya’ni mashg‘ulotlarni ancha kech boshlab, deyarli nazorat o‘yinlarida maydonga tushishmadi. Faqatgina Le Norman «Yuventus» bilan bir taym o‘ynab, keyin 1-turda to‘liq harakat qildi. Alvares umuman nazorat o‘yinlarisiz atigi 12 daqiqaga maydonga tushgan bo‘lsa, Gallaher umuman Yevrodan keyin hali futbol o‘ynagani yo‘q. Bu futbolchilarda jarohat bo‘lmasa-da, Simeone ularni ehtiyotkorlik bilan tarkibga kiritib borishi talab etiladi. Demak, katta ehtimol bilan «Jirona» bilan o‘yinda ham Vilyarrealdagiga yaqin tarkibni ko‘rsak kerak.
BOShQA O‘YINLAR
24 avgust. MANCheSTeR SITI – Ipsvich (19:00), TOTTeNHEM – Everton (19:00), Lion – Monako (20:00), Parma – MILAN (21:00), BORUSSIYa D – Ayntraxt (21:30), INTeR – Lechche (23:45),
25 avgust. Bornmut – NYuKASL (18:00), Vulverhempton – CheLSI (18:00), Volfsburg – BAVARIYa (18:30), ReAL – Valyadolid (20:00), LIVeRPUL – Brentford (20:30), Torino – ATALANTA (21:30), ROMA – Empoli (23:45)
Qahramon Aslanov