AQShning Arizona shtatidagi Kochiz okrugi politsiyasi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda prezidentlikka nomzod Donald Trampni o‘ldirish bilan bir necha bor tahdid qilgan 66 yoshli Ronald Sivrudni hibsga oldi. Bu haqda 23 avgust, juma kuni okrug sherifi ofisi ma’lum qildi. Sivrudning hibsga olinishi 22 avgust kuni, Oq uy sobiq rahbari saylovoldi kampaniyasi doirasida AQSh-Meksika chegarasida nutq so‘zlash uchun okrugga kelgan kuni sodir bo‘lgan.
Sivrud «so‘nggi bir necha hafta ichida» nomi ochiqlanmagan ijtimoiy tarmoqlarda «nomzodga tan jarohati yetkazilishini ko‘rsatuvchi iboralar» bilan kamida ikkita xabarni chop etdi, deya aniqlik kiritdi CNN. Xabarlardan biri Tramp okrugga kelishidan bir kun oldin, 21 avgust kuni e’lon qilingan.
Shu bilan birga, Sivrud boshqa huquqbuzarliklar – xususan, mast holda avtomobil boshqarganligi, jinoyat sodir etilgan joydan qochib ketganligi va jinsiy xarakterdagi jinoyatni sodir etgan shaxs sifatida allaqachon qidiruvga berilgan.
Sherif idorasining ma’lum qilishicha, erkak «hech qanday hodisasiz hibsga olingan». U haqidagi ma’lumotlar AQSh Maxfiy xizmatiga o‘tkazildi, u qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazmoqda.
Tramp suiqasddan keyin birinchi marta ochiq havoda chiqish qildi
21 avgust kuni AQSh sobiq prezidenti va oliy davlat lavozimiga da’vogarlik qilayotgan respublikachi nomzod Donald Tramp Shimoliy Karolina shtati Eshboro shahrida suiqasddan so‘ng birinchi ochiq saylovoldi mitingini o‘tkazdi. Suiqasd sodir etilgan kundan boshlab uning barcha ommaviy chiqishlari faqat bino ichida bo‘lib o‘tgandi.
Tramp nutq so‘zlagan tribuna atrofiga o‘q o‘tkazmaydigan oyna o‘rnatilgan. Sobiq prezident nutqi o‘rtasida miting ishtirokchilaridan biri jazirama tufayli o‘zini noxush his etgan, shundan so‘ng Donald Tramp sahnadan turib ayolga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘radi, himoya oynasi ortidan chiqib, tarafdorini olomon olqishlari ostida quchoqlagan.