Hujjat bilan Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Uyg‘ur mahallasi hududida mebel mahsulotlari ishlab chiqarish, ko‘rgazma-savdo obektlari va boshqa obektlar "klaster" usulida joylashgan "Mebel kompleksi" kichik sanoat zonasini (KSZ) tashkil etish ko‘zda tutilgan.
KSZni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish "Aloqa bank" AJ mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Savdo-sanoat palatasi va Andijon viloyati hokimligi "Aloqa" banki bilan birgalikda va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda quyidagilarni o‘z ichiga olgan sanoat zonasi konsepsiyasini ishlab chiqadi:
- ishlab chiqarish sexlari (angar), ko‘rgazma pavilionlari, ochiq va yopiq savdo maydonlari, furnitura va butlovchi qismlar savdo markazi hamda logistika markazini yaratish;
- mebel mahsulotlari uchun import o‘rnini bosuvchi xomashyo, furnitura va butlovchi qismlar ishlab chiqarish;
- raqobatbardosh mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun taniqli xorijiy brendlarni jalb qilish;
- mahalliy furnitura va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilarining dilerlik markazlarini ochish va boshqalar.