Toshkentda kreativ iqtisodiyot bo‘yicha butunjahon anjumani o‘tkaziladi

Iqtisodiyot 23:12 / 23.08.2024 1943

«Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Butunjahon anjumanining Toshkent shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, 2-4 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha IV Butunjahon anjumani o‘tkaziladi.

Butunjahon anjumani doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma):

a) Toshkent shahrida:

Zamonaviy san’at markazi huzuridagi Art-rezidensiyalarning tantanali foydalanishga topshirilishini tashkil qiladi;

Fransuz madaniyat markazi, Milliy restavratsiya markazi loyihalari, shuningdek, Abulqosim madrasasi va «Ohunguzar» madaniy meros obektida kreativ iqtisodiyot klasterlarini yaratish loyihalari taqdimotlarini o‘tkazadi;

b) Butunjahon anjumaniga taklif etilgan ishtirokchilar, xalqaro ekspertlar, soha vakillari va keng jamoatchilikni jalb etgan holda:

Strategik islohotlar agentligi bilan birgalikda «Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida»gi qonun loyihasini takomillashtirishni tashkil etadi;

O‘zbekistonda 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2025–2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi Butunjahon anjumani yakuni bo‘yicha ishlab chiqilishi ta’minlanadi.

Butunjahon anjumani dasturiga muvofiq Jamg‘arma kreativ soha bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishini (Ministerial meeting); dunyo va mamlakatimiz kreativ soha vakillarining salohiyatini namoyish etishga qaratilgan maxsus ko‘rgazmani; kreativ iqtisodiyot, uning ahamiyati va Butunjahon anjumani haqida aholini xabardor qilishga qaratilgan seminar va davra suhbatlari, maslahat uchrashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar, taqdimotlar, tantanali taqdirlash marosimlari kabi tadbirlarni o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: