2024 yil 24 sentabrdan «Toshkent — Moskva — Toshkent» yo‘nalishida qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi. Qatnovlar 2020 yilda koronavirus pandemiyasi davrida to‘xtatilgan edi.
Qayd qilinishicha, Toshkent — Moskva yo‘nalishi bo‘yicha birinchi poyezd 24 sentabrda yo‘lga chiqadi. Keyingi reyslar 2 oktyabr, 10 oktyabr, 26 oktyabr, 2 noyabr, 18 noyabr, 26 noyabr, 4 dekabr, 12 dekabr kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Moskva — Toshkent yo‘nalishidagi birinchi poyezd 28 sentabr kuni yo‘lga chiqadi. Keyingi reyslar 6 oktyabr, 14 oktyabr, 30 oktyabr, 6 noyabr, 22 noyabr, 30 noyabr va 8 dekabr kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Chiptalarni «O‘zbekiston temir yo‘llari» sayti orqali xarid qilish mumkin. 24 sentabrda jo‘naydigan poyezd uchun quyidagi narxlar belgilangan:
- platskart — 2 616 770 so‘m ($206);
- kupe — 3 574 240 so‘m (282 dollar).
Kompaniyaning ta’kidlashicha, chiptalarni oldindan sotib olishda chegirma beriladi. Misol uchun, poyezd jo‘nashidan 41-45 kun oldin sotib olinsa, asosiy narxning 35 foizi miqdoridagi eng katta chegirmaga ega bo‘lish mumkin.