Amerikaning Sceye kompaniyasi katta hududlarda aloqa va internet xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan HAPS dirijablini sinovdan o‘tkazdi.
HAPS - geliy bilan to‘ldirilgan 65 metrli ekipajsiz havo kemasi. U vertikal ravishda havoga ko‘tariladi va ma’lum bir balandlikda va koordinatalarda harakatlana oladi. U korpusi bo‘ylab joylashtirilgan quyosh panellaridan quvvat oladi.
Sinov parvozi 15 avgust kuni amalga oshirildi. Dirijabl kunduzi yorug‘lik vaqtida batareyalarini quvvatlantirish qobiliyatini namoyish etdi. U to‘plangan energiyani 18,5 ming metr balandlikda tun bo‘yi havoda qolish uchun ishlatdi.
Sceye umid qiladiki, kema bir necha oy davomida uzluksiz parvoz qila oladi va Yerning sivilizatsiyadan eng uzoqda joylashgan qismlari aholisiga keng polosali Internetdan foydalanish imkoniyatini beradi. Kompaniya, shuningdek, stratosfera havo kemasidan iqlim va atrof-muhitdagi o‘zgarishlar, o‘rmon yong‘inlari va boshqa tabiiy ofatlarni kuzatish uchun foydalanish niyatida.
Qurilma allaqachon 20 ta sinov parvozini amalga oshirgan va Sceye joriy yil oxirida yana ikkita parvozni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Agar hamma narsa reja bo‘yicha ketsa, bunday dirijabllar kelgusi yilda tijoriy foydalanishga topshiriladi.