Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi

Jahon 19:13 / 23.08.2024 4724

Qozog‘istonda «tushunarsiz boylik» bo‘yicha birinchi sud akti ijro etildi, deb xabar berdi Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi aktivlarni qaytarib olish qo‘mitasi.

Qayd qilinishicha, sud jarayonida ayblanuvchilar aktivlarni qo‘lga kiritish manbalarining qonuniyligini isbotlay olmagan, shundan so‘ng 10 million dollardan ortiq mablag‘ davlat hisobiga o‘tkazilgan.

Ayblanuvchilar (xabarda ularning ismi-sharifi ko‘rsatilmagan) bu qarorga rozi bo‘lmay, apellyatsiya shikoyati bergan. Biroq ularning shikoyati qanoatlantirilmagan.

«Sud qarori ijrosi doirasida naqd pullar, qimmatbaho zargarlik buyumlari, ekspertlarning fikricha, ildizi saklar davriga borib taqaladigan tarixiy-madaniy meros obektlari davlat daromadiga aylantirildi», deyiladi departament xabarida.

2023 yil 12 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida»gi qonunni imzolagan edi.

Noqonuniy aktivlarni qidirish bilan Bosh prokuratura huzuridagi maxsus vakolatli organ shug‘ullanadi. Uning e’tiboriga tushish uchun fuqaroning umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq boyligi bo‘lishi kerak. Agar fuqaro boyligining kelib chiqishi qonuniy ekanini isbotlay olmasa, u davlat daromadiga aylanadi. Ular g‘aznaga ixtiyoriy ravishda yoki sud qarori bilan majburan qaytarilishi mumkin.

Qozog‘istonda shu paytgacha «tushunarsiz daromadlar» ixtiyoriy ravishda davlatga qaytarilgan. O‘tgan yilning bahorida hukumat noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni davlatga ixtiyoriy ravishda qaytarish bo‘yicha kelishuvlar doirasida g‘aznaga 40 milliard tengedan (83 million dollar) ortiq mablag‘ o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi. Bu mablag‘larni ijtimoiy maqsadlarga va mamlakatda bahorgi toshqin oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: