Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Qayd etilishicha, mahallalardan birining hokim yordamchisi F.A. mansab mavqeidan foydalanib, to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MChJ rahbari R.M. bilan til biriktirgan.
2022−2023 yillarda naslli chorva mollari sotib olish, parrandachilik, asalarichilik, tikuvchilik, issiqxona tashkil etish va boshqa maqsadlarda 14 nafar fuqaro nomidan imtiyozli kredit olish uchun shartnoma va hisob-faktura hujjatlariga elektron raqamli imzo orqali soxta ma’lumotlar kiritgan va bankka taqdim etgan.
So‘ngra bank tomonidan 440,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. Bundan tashqari, hokim yordamchisi boshqa MChJ rahbari X.S. bilan ham kelishib, 25 nafar fuqaro nomidan soxta ma’lumotlar taqdim etish orqali bankdan 733,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga erishgan. Shu tariqa, jami 1 mlrd 173,6 mln so‘m kredit mablag‘i talon-toroj qilingan.
Holatlar bo‘yicha hokim yordamchisi, MChJ rahbarlari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.