Hindiston bosh vaziri Modi Rossiya va Ukraina o‘rtasida vositachilik qilishga tayyor

Jahon 13:31 / 23.08.2024 2127

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Ukrainaga qarshi urush boshlagan Moskva va Kiyev o‘rtasida vositachi bo‘lishga tayyor. «Biz tinchlik va barqarorlikni imkon qadar tezroq tiklash uchun muloqot va diplomatiya tarafdorimiz», — dedi Modi 22 avgust, payshanba kuni Varshavada Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan uchrashuvdan so‘ng. U, shuningdek, Hindistonning «jang maydonida hech qanday muammoni hal qilib bo‘lmasligiga qat’iy ishonchini» ta’kidladi. Hindiston bosh vaziri Ukrainaga tashrifi arafasida Polshaga keldi.

O‘z navbatida, Polsha bosh vaziri shunday dedi: «Bosh vazir o‘zining urushni tinch, adolatli va tez yakunlash uchun shaxsan harakat qilishga tayyorligini tasdiqlaganidan juda xursandman, biz Hindiston bu borada juda muhim rol o‘ynashiga ishonamiz». Shu bilan birga, u Ukrainaning o‘z chegaralarini himoya qilish huquqini eslatib o‘tdi: «Tarix bizning xalqlarimizga qoidalarni, chegaralar va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish naqadar muhimligini o‘rgatdi», deb ta’kidladi Donald Tusk.

Hindiston hozircha Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralashdan tiyilgan va buning o‘rniga urishayotgan tomonlarni muloqotga chaqirgan. Sovuq urush davridan beri mamlakat Rossiya bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda. Shu bilan birga, Hindiston G‘arb bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikka intilmoqda va raqobatchi bo‘lgan Xitoyga qarshi qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmoqchi, deya ta’kidlaydi AFP. 

Modi Moskvaga tashrifidan keyin Kiyevga boryapti

Ukraina Modining 23 avgustda kelishini kutmoqda. Bu Hindiston rahbarining 30 yil ichida mamlakatga ilk tashrifi bo‘ladi. Kiyevga bo‘lajak safaridan bir necha hafta oldin Hindiston bosh vaziri Moskvaga tashrif buyurdi va u yerda Vladimir Putin bilan uchrashdi. Uchrashuv kuni, 8 iyulda rus qo‘shinlari Ukrainaga, shu jumladan Kiyevdagi "Oxmatdet" bolalar kasalxonasiga katta hujum uyushtirdi.

Hindiston bosh vaziri Ukrainadagi urushni to‘xtatish va muloqot orqali tinchlikka erishishga chaqirdi, shuningdek, Kiyev kasalxonasida bolalarning o‘limi yuzasidan «og‘riq va dahshat»ni bildirdi. «Begunoh bolalar o‘ldirilganda, ularning o‘lishini ko‘rsangiz, yuragingiz og‘riydi va bu og‘riq chidab bo‘lmas», dedi Modi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Modining Rossiyaga tashrifini «afsuslanarli» deb atadi. «Dunyodagi eng yirik demokratik davlat rahbarining Moskvada bo‘lishini ko‘rish juda katta umidsizlik va tinchlikka erishish sa’y-harakatlariga zarba bo‘ldi», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: