Ozarboyjon bilan ittifoqchilik shartnomasi, ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq o‘zgarishlar, elektr va gaz ishlab chiqarish qisqarishi va pora bilan qo‘lga olingan Baliqchi tuman hokimi o‘rinbosari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Ozarboyjon prezidentining tashrifi
Bugun, 23 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.
Ozarboyjon prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, davlat madhiyalari yangradi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisini o‘tkazdi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mirziyoyev Ozarboyjon prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.
“Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldik”, — degan Shavkat Mirziyoyev.
Tashrif arafasida bo‘lib o‘tgan biznes forumi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi: umumiy qiymati 2 mlrd dollardan ziyod istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Prezidentlarning farmonlari bilan taniqli madaniyat arboblari Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga “Xalq artisti” unvonlari berilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqot va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.
Ozarboyjon bilan ittifoqchilik shartnomasi
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Toshkentda «Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida»gi shartnomani imzoladi.
Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi qarorini qabul qildi.
Davlat rahbarlari huzurida yana o‘ndan ortiq hujjatlar qabul qilindi.
Tashrif doirasida Toshkent va Boku, Shahrisabz va Baylagan, Jizzax va Guba shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar va boshqa ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Ichimlik suv ta’minotida o‘zgarishlar
Hukumatning “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylarning sovuq suv hisoblagichlari kvartira tashqarisida (zinapoyalar, yerto‘lalar va boshqa qismida) o‘rnatilgan holatlarda hisoblagich va plombalarni saqlash bo‘yicha javobgarlik ichimlik suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari zimmasiga yuklanadi;
Endi oldindan to‘lov qilinganda tarif o‘zgarishi tufayli to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod bo‘lish muddati 2 oyni tashkil etadi. Avval bu muddat bir yil edi.
Elektr va gaz ishlab chiqarish qisqargan
2024 yilning 7 oyida gaz qazib olish 4,8 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,5 foizga, neft qazib olish esa 6,8 foizga qisqargan.
Statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 26,15 mlrd metr kubni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,31 mlrd metr kub yoki 4,8 foizga qisqargan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 4 foizga, 2023 yilda esa 9,6 foizga qisqargan edi.
Yanvar-iyul oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,5 foizga yoki 2,48 mlrd kWh’ga kamaygan. Xususan, 2023 yilning 7 oyida 45,29 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 42,80 mlrd kWh’gacha pasaygan.
Hisobot davrida neft qazib olish 456 ming tonnadan 425 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 707 ming tonnadan 726 ming tonnaga oshgan.
Hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi
Andijon viloyati Baliqchi tumani hokimining o‘rinbosari DXX va departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olindi.
Avval uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi va MChJlardan birining xodimi hokimlik zaxirasida bo‘lgan 3,75 gektar yerning 1,75 gektarini “E-auksion” orqali arzon narxda olib berish, qolgan 2 gektarini esa 2019 yildagi sana bilan tuman hokimining qarorini tayyorlab, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ular ushbu masalani tuman hokimining o‘rinbosari orqali hal etishlari aniqlangan. Tezkor tadbir davom ettirilgan va hokim o‘rinbosari 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hokim o‘rinbosari va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi sudgacha qamoqqa olingan.