Xitoy AQShning «maxfiy yadroviy strategiyasi»ga keskin munosabat bildirdi

Jahon 21:49 / 22.08.2024 4965

AQSh prezidenti Jo Bayden «Xitoy tahdidiga qaratilgan maxfiy yadro strategiyasini» ma’qullagani haqidagi xabarlarga Xitoy keskin munosabat bildirdi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning brifingda ma’lum qildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining aytishicha, eng katta ilg‘or yadroviy arsenalga ega Qo‘shma Shtatlar yadroviy quroldan birinchi foydalanishga asoslangan yadroviy tiyib turish siyosatini qat’iyat bilan davom ettirmoqda va yadroviy triadani modernizatsiya qilishga katta sarmoya kiritishda davom etmoqda.

«Qo‘shma Shtatlar strategik xavf va yadroviy tahdidlarning dunyodagi eng yirik yaratuvchisidir. Xitoy yadroviy arsenalining hajmi hech qachon AQShnikiga teng emas», deb ta’kidladi Mao Ning.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanmaslik» siyosatiga amal qiladi va o‘zining yadroviy salohiyatini minimal, aynan milliy mudofaa uchun zarur bo‘lgan darajada saqlaydi. «Biz boshqa davlatlar bilan qurollanish poygasiga kirishmoqchi emasmiz», dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Bundan tashqari, Mao Ning Vashingtonni «yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha o‘zining ustuvor mas’uliyatini bajarishga va yadro arsenalini qisqartirishni davom ettirishga» chaqirdi.

AQSh «global va mintaqaviy tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadigan» salbiy qadamlar, jumladan, yadroviy qurollardan hamkorlikda foydalanish, yadroviy ittifoqlar va boshqa harakatlarni to‘xtatishi kerak, deb qo‘shimcha qildi xitoylik diplomat.

Avvalroq The New York Times (NYT) nashri mart oyida AQSh prezidenti Jo Bayden «Xitoy tahdidiga qaratilgan maxfiy yadro strategiyasini» ma’qullagani haqida maqola chop etgan edi. Unda aytilishicha, Bayden birinchi marta Xitoy yadroviy texnologiyasini jadal kengaytirishi va «qurollantirishi»ga e’tibor qaratgan holda AQSh yadroviy tiyib turish strategiyasini qayta ko‘rib chiqqan. Shuningdek, AQSh prezidenti o‘z Qurolli kuchlariga Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan ehtimoliy yadroviy to‘qnashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishni topshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: