Rossiya poytaxti Moskva yaqin yillar ichida elektr energiyasi taqchilligiga duchor bo‘lishi mumkin, deyiladi Rossiya energetikasini 2042 yilgacha rivojlantirish bosh sxemasi loyihasida.
“Sistemniy operator” (Rossiya energiya tizimi yagona dispetcheri) tomonidan tayyorlangan sxema ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga borib Moskvaga 1,5 GW, 2024 yilda esa 4,2 GW quvvat yetishmasligi tahdid solmoqda.
Poytaxt hududining elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar haqida “Sistemniy operator” ilk marta o‘tgan yili ogohlantirgan va bosh sabab sifatida xorijda ishlab chiqarilgan asbob-uskunalarga xizmat ko‘rsatish murakkablashib borayotganini keltirgan edi. Gap issiqlik elektr stansiyalarining gazli turbinalari haqida bormoqda. Ular 2023 yilning iyunida g‘arb sanksiyalari qat’iylashtirilganidan so‘ng ehtiyot qismlar va ta’mirsiz qolib ketgan.
Xususan, IESlarga xizmat ko‘rsatishdan General Electric (GE) va Siemens kompaniyalari bosh tortgan. «Sistemniy operator» ma’lumotlariga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan turbinalar Rossiya energiya tizimining 9 foiz quvvatini ta’minlab kelgan.
Moskvani elektr bilan ta’minlashdagi “tuynuk”ni yopish uchun parosil bloklardan iborat, quvvati 1 GW bo‘lgan yangi gaz stansiyasini qurish kerak, deyiladi Bosh sxemada. Bundan tashqari, Kursk va Novovoronej AESlaridan har birining o‘tkazish quvvati kamida 1,5 GW bo‘lgan ikkita elektr uzatish liniyasi tortib kelishga to‘g‘ri keladi. «Sistemniy operator» hisob-kitoblariga ko‘ra, qurilish uchun 174-351 mlrd rubl talab etiladi.
“Moskva shahri va Moskva oblasti energiya tizimida yig‘indi quvvati 1,7 GW bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan gaz turbinalari ishlamoqda va ularga xizmat ko‘rsatish sanksiyalar tufayli og‘irlashib bormoqda”, — deya vaziyatni tasvirlamoqda “Transenerkom” AJ bosh direktori Oleg Shevsov. Elektr tarmoqlarining jismoniy yemirilishi alohida muammo, bu taqsimot tarmoqlarida 70 foizgacha, magistral tarmoqlarda 50 foizga yetgan.
Zamonaviy Rossiyaning yirik generatsiya obektlarining mutlaq ko‘pchiligi sovetlardan meros qolgan, mohiyatan Vladimir Lenin davridagi GOELRO rejasining “mevalari”dir, deydi Rossiya gaz jamiyati qoshidagi ekspertlik kengashi a’zosi Pavel Marishev.
«Ichki perimetr uchun xavf-xatar manbasi bo‘lgan ochiq ko‘rinib turgan muammo asbob-uskunalarning ma’naviy eskirganidir. Bu yetarli tarzda tez sur’atlar bilan yangilanmayotgan elektr tarmog‘i majmuasiga ham taalluqlidir», degan u.