Rostov oblastida dronlar hujumiga uchragan neft bazadagi yong‘in beshinchi kunda ham davom etmoqda

Jahon 13:38 / 22.08.2024 9937

Yakshanba kuni Rostov oblasti Proletarsk shahrida ukrain dronlari hujumiga uchragan neft bazada chiqqan yong‘inni o‘chirib bo‘lmayapti, yong‘inni bartaraf etish ishlariga FVV aviatsiyasi, maxsus poyezd va 500 dan ortiq qutqaruvchi jalb etilgan. 47 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohatlangan. Hududda favqulodda holat rejimi e’lon qilingan, ammo rasmiylar mahalliy aholini evakuatsiya qilishga zarurat yo‘q deb topgan Ekspertlarning ta’kidlashicha, yonilg‘i to‘liq yonib bitgunicha bunday olovni o‘chirish deyarli imkonsiz.

Proletarsk shahri yaqinida, Rostov-Dondan 165 km janubi-sharqda joylashgan neft bazada 18 avgust tongida yong‘in chiqqandi. Oblast gubernatori Vasiliy Golubev o‘z telegram-kanalida yozishicha, yong‘in havo-hujumidan mudofaa kuchlari urib tushirgan dronlarning parchalari dizel yonilg‘isi saqlanadigan omborlarga tushishi tufayli boshlangan. Golubevning yozishicha, o‘t o‘chiruvchilar darhol olovni o‘chirishgan, ammo ko‘p o‘tmay ular ishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan, chunki dronlar neft bazaga takroriy hujumni amalga oshirgan.

Shundan buyon o‘tgan to‘rt kundan ortiq kun mobaynida o‘t o‘chiruvchilar to‘xtovsiz ishlamoqda, ammo hozirga qadar yong‘in o‘choqlarini bartaraf etishning imkoni bo‘lmadi.

Yong‘in maydoni uchinchi kunga kelib 10 ming metr kvadratga yetgandi. Olovni o‘chirishga FVV maxsus aviatsiyasining ikki samolyoti, uchta o‘t o‘chiruvchi poyezd va kamida 500 nafar o‘t o‘chiruvchi, jumladan qo‘shni regionlardan ham jalb etilgan. Samolyotlar yong‘in tarqalmasligi uchun atrofdagi hududlarga suv sepib chiqmoqda, degan Golubev.

19 avgust kuni hududda lokal favqulodda holat rejimi joriy etildi va hozirga qadar amal qilmoqda.

Ukrain dronlari Rossiyaning neftni qayta ishlash va neft mahsulotlarini saqlash obektlariga hujumlari 2023-2024 yillar qishida Rossiya uchun jiddiy muammoga aylangandi. Zarbdor dronlar 1000 kilometrgacha masofaga yetib bora oladigan bo‘ldi. Neftni qayta ishlash zavodlarida dronlar zarbasi oqibatida yuzaga keladigan yong‘inlarni o‘chirish uchun ikki kungacha vaqt talab qilinardi. Proletarsk yaqinidagi neft bazada boshlangan yong‘inni esa to‘rt kunda ham o‘chirib bo‘lmadi.

Proletarsk rayoni rahbari Valeriy Gornich RIA Novosti agentligi bilan suhbatda aytishicha, neft baza hududida 74 ta rezervuar joylashgan, ularning har biri 5000 metr kub yonilg‘i sig‘diradi. Gornichning so‘zlariga ko‘ra, chorshanba tongida dizel yonilg‘isi saqlanayotgan «20 ga yaqin rezervuar»ni olov qamragandi.

Mahalliy aholi vakillari 19–20 avgust kunlari olgan videoda neft baza hududida yangi kuchli chaqnashlarni ko‘rish va portlash ovozlarini eshitish mumkin. Chorshanba kuni kechqurun esa mahalliy telegram-kanallar yana bir sisternada portlash ro‘y bergani haqida xabar berishdi.

Yong‘in tufayli ko‘tarilgan tutun buluti bir kun o‘tib 25 km masofaga cho‘zilgan, deb hisoblagan Rostovdagi 161.RU portali. Neft bazagacha o‘n kilometr masofada «ko‘chalar yomg‘ir yog‘ishi oldidan bo‘ladigan kabi qorong‘ilashgan», tutun ustuni esa shahardan 70 km masofadan ham ko‘rinib turadi, deb xabar qilgan nashrning voqea joyida bo‘lgan jurnalisti.

Yong‘in joyida ko‘tarilgan tutun ustunlari 20 avgust kuni Rus pravoslav cherkovi Volgodonsk yeparxiyasi boshlig‘i yepiskop Antoniy bilan o‘tkazilgan diniy marosim chog‘ida olingan fotoda ham aks etgan.

Yong‘in ustuni qaysidir pallada butun osmonni qoplaydi va bu mahalliy aholi tomonidan tarqatilgan ko‘plab videolarda ko‘ringan. Ular shuningdek osmondan plastmassaga o‘xshash moddalar yog‘ilgani haqida xabar berishgan.

Mahalliy aholini evakuatsiya qilish to‘g‘risida e’lon qilinmagan. «Evakuatsiya — qandaydir safsata, — deya Proletarsk rayoni rahbari Valeriy Gornichdan iqtibos keltirgan 161.Ru. — [Shaharga] hech narsa tahdid solmayapti. Yong‘in dalada bo‘lmoqda. Tutun boshqa tomondagi [qo‘shni] rayonga ketmoqda. Shahar ustida tutun yo‘q. Biz [normadan] o‘tmadik — havo normal holatda. Solyarka tugaguncha yonadi. Hozircha yonmoqda».

Proletarskdagi neft ombori uzra ko‘tarilgan yong‘in va tutun

Rospotrebnadzorning oblastdagi bo‘limi matbuot xizmati xabar berishicha, havodan olingan namunalar tahlili natijalariga ko‘ra, «Proletarskdagi turar joylar hududida kimyoviy moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshishi aniqlanmagan».

Rostovdagi 1Rnd resursi yozishicha, Proletarskda yashovchilarning ko‘pchiligi yong‘in va zaharli tutun tufayli mustaqil ravishda shaharni tark etgan.

Payshanba kuniga kelib 42 nafar kishi jarohatlangan, ularning barchasi — o‘t o‘chiruvchilar. 13 kishi shifoxonaga yotqizilgan. O‘nga yaqin qutqaruvchi Rossiya FVVning Peterburgdagi Nikiforov nomidagi shoshilinch va radiatsiya tibbiyoti klinikasiga olib ketilgan, shundan ikki nafari jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.

Proletarskda yashovchilar mahalliy sport markazida qutqaruvchilar uchun dam olish punkti tashkil etgan. Ko‘ngillilar yordam yig‘ish punktini ham tashkil etishgan — bu yerda ichimlik suv, kuyishga qarshi dorilar, bint va boshqa zarur narsalar yig‘iladi.

Proletarsk hududida o‘t o‘chiruvchilar uchun tashkil etilgan dam olish punkti

Yong‘in xavfsizligi fondi eksperti Konstantin Kuznetsov Business.FM radiostansiyasi bilan suhbatda bunday yong‘inlarni o‘chirish ko‘p vaqt olishini ta’kidlagan.

«Neft baza olovni o‘chirishni tashkillashtirish qiyinligi borasida atom reaktoridan keyingi o‘rinda turadi, — deb izohlaydi Kuznetsov. — Neft ko‘pik bilan o‘chiriladi, yong‘in tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘pikli hujum, blokada amalga oshiriladi, ammo alanga olib bo‘lgan mahsulot butunlay tugab bo‘lmagunicha yong‘inni o‘chirish kamdan kam hollarda kuzatiladi. Bu shunchaki uzoq jarayon».

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilarning vazifasi — ko‘piklar orqali yong‘in o‘chog‘iga kislorod o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi, shu orqali olov zaiflashtiriladi, ammo harorat yuqoriligi tufayli ko‘pik tezda erib bug‘lanib ketaveradi.

Ko‘proq yangiliklar: