Rossiya hukumati xorijga ketgan rossiyaliklarni armiyani «obro‘sizlantirish» va Vladimir Putinni haqorat qilish moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortish imkonini beruvchi qonun loyihasini «konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatladi». Bu haqda 21 avgust, chorshanba kuni hukumat hujjatlariga tayanib, «Kommersant» xabar berdi.
Tatariston davlat kengashi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ga shunday tuzatishlar kiritishni taklif qildi, deb yozadi nashr. Deputatlar RF qurolli kuchlarini «obro‘sizlantirish» va davlat rahbarini haqorat qilish haqidagi moddalardan tashqari, xorijdagi rossiyaliklarni nafrat qo‘zg‘atish, Rossiyaning hududiy yaxlitligini buzish va sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risidagi moddalar, shuningdek, «ekstremizm» va «so‘z erkinligini suiiste’mol qilish» moddalari bo‘yicha jarimaga tortishni taklif qilishdi.
Bundan tashqari, Tatariston davlat kengashi ushbu moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan muddatni ikki yilgacha uzaytirishni taklif qildi: hozir u uch oydan bir yilgacha.
Shu bilan birga, «Kommersant» yozganidek, Rossiya hukumati mamlakatdan chiqib ketgan fuqarolarni xabardor qilish va ular ishtirokidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish qanday amalga oshirilishini hali aniqlashtirmadi.
Hozirda Rossiya rasmiylari chet elda bo‘lgan rossiyaliklarni faqat «nomaqbul» tashkilotda ishtirok etish moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortishi mumkin.