Qozog‘iston tashqi siyosatini tanqid ostiga olgan Lukashenkoga e’tiroz bildirdi

Jahon 21:05 / 22.08.2024 12396

TIV rahbari “Qozog‘iston BMT Nizomi va xalqaro huquqning eng asosiy normalari bo‘yicha muvozanatlashgan va tinch tashqi siyosat yuritayotgani”ni qayd etib, davlatlar o‘rtasidagi barcha ziddiyatlar diplomatik vositalar bilan yechilishi shartligini ta’kidlagan.

Nurleuning alohida qayd etishicha, “mavjud geosiyosiy vaziyatda” mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning tashqi yo‘nalishdagi harakatlari “o‘zining samaradorligini ko‘rsatgan”.

Avvalroq Belarus prezidenti Qozog‘iston va MDHning boshqa davlatlarini Rossiyadan “nimadir olib, evaziga hech narsa bermaslikni istash”da ayblagan edi.

“Biz o‘zimizni ba’zi davlatlar kabi tutmaymiz, ular Rossiyadan faqat olmoqchi, hech narsa bermoqchi emas. Bunaqasi ketmaydi. Kelinglar, birga bo‘laylik. Hali yana shu Rossiyadan yordam va qo‘llov so‘rab keladigan paytlaring uzoq emas”, — degan Lukashenko “Rossiya” telekanaliga intervyusi chog‘ida.

Lukashenko “Qozog‘istonda nimadir ro‘y berganida”, deb 2022 yilning yanvar oyidagi namoyishlarni eslagan va o‘shanda Respublika Xitoy, Hindiston yoki Pokistonga emas, Rossiya va Belarusga murojaat qilganini eslatgan: «Putin, Lukashenko yordam beringlar”, deyishdi. Biz esa [KXShT tinchlikparvar kuchlari bilan] yarim kun ichida javob berdik, samolyotlarimiz Qozog‘istonga qo‘nib, hamm ayoqni tinchitdik”.

Ukrainada urush boshlangach Qozog‘iston rasman Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalariga qo‘shilmagan esa-da, ikkilamchi sanksiyalardan cho‘chib asosiy savdo cheklovlariga rioya qilishga harakat qilib kelmoqda. Yaqinda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin mamlakat hukumati g‘arbning Moskvaga nisbatan qo‘yayotgan sanksiyalariga “ko‘r-ko‘rona” rioya qilmasligini aytgan edi.

Lukashenkoning bayonotlari birgina Qozog‘istonda e’tiroz keltirib chiqargani yo‘q. Shu intervyuning o‘zida Belarus prezidenti g‘arb davlatlari bilan yaqinlashishga harakat qilayotgan Armaniston rahbariyatining siyosatini ham qoralagan. «Armanlar bizdan boshqa kimga ham kerak? Hech kimga kerak emas. Iqtisodiyotini rivojlantirib, o‘zida bor narsalarga e’tibor qaratsa bo‘lmaydimi? Qanaqa Fransiya, qanaqa [prezident Emmanuel] Makron? Ertaga Makron bo‘lmaydi va hamma Armanistonni unutadi”, — degan u. Bu bayonotdan so‘ng Belarusning Yerevandagi elchixonasi tuxum, kartoshka va pomidor bilan “o‘qqa” tutilgan.

Iyun oyida Armaniston Minskdagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib olgan edi. Bunga sabab Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Lukashenkoni urushda Ozarboyjonga yordam berganlikda ayblab, Belarusga borishni rad etgani bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: