Hindiston bosh vaziri Ukrainada tinchlikka qaytishga chaqirdi

Jahon 13:29 / 22.08.2024 3424

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Ukrainaga tashrifi oldidan «tinchlikka qaytish»ga chaqirdi. «Biz do‘st va hamkor sifatida mintaqada tinchlik va barqarorlik tezroq qaytishiga umid qilamiz», — deb yozdi Modi 21 avgust, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. 23 avgust kuni Polshaga safaridan so‘ng Modi Ukrainaga tashrif buyuradi.

Hindiston bosh vaziri, shuningdek, Kiyevga tashrifni «avvalgi suhbatlar mavzularini ishlab chiqish» uchun imkoniyat deb atadi. Shu bilan birga, u prezident Volodimir Zelenskiy bilan «hozirgi Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollari» va «Hindiston-Ukraina do‘stligini chuqurlashtirish» haqida gaplashmoqchi», deyiladi xabarda. 

Tashrif doirasida Ukraina va Hindiston o‘rtasida qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Bu Modining 30 yil avval diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan beri Ukrainaga ilk tashrifi. 

8-9 iyul kunlari Hindiston bosh vaziri Rossiyaga rasmiy darajada tashrif buyurib, u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Hindiston hozircha Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralashdan tiyilgan va buning o‘rniga urishayotgan tomonlarni muloqotga chaqirgan. Sovuq urush davridan beri mamlakat Rossiya bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelmoqda. Shu bilan birga, Hindiston G‘arb bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikka intilmoqda va raqobatchi bo‘lgan Xitoyga qarshi qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmoqchi, deya ta’kidlaydi AFP. 

Ko‘proq yangiliklar: