G‘azodagi bozorga hujum, Armaniston siyosatini qoralagan Lukashenko va yutuberga aylangan Krishtianu Ronaldu - kun dayjesti

Jahon 12:30 / 22.08.2024 5368

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

«G‘azo Isroilning davom etayotgan qamali va hujumlari natijasida sog‘liq va atrof-muhit uchun halokatli oqibatlar yoqasida turibdi», — degan G‘azo munitsipaliteti vakili Husni Muhanna Shabab axborot agentligiga.

U xalqaro hamjamiyatni “juda kech bo‘lmasdan avval zudlik bilan aralashish”ga chaqirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘azo ko‘chalarida yig‘ilib qolgan 150 ming tonnadan ziyod chiqindi kasalliklar, hasharotlar va kemiruvchilar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Muhannaning qayd etishicha, Isroil qamali G‘azoni nafaqat hayotiy zarur mahsulotlardan mahrum qilmoqda, shuningdek munitsipial xizmatlarning chiqindi to‘plash joylariga borishiga ham monelik qilmoqda va bu krizisni yanada chuqurlashtirmoqda.

17 avgust kuni G‘azoda ilk bor poliomiyelit yuqtirish holati qayd etildi, BMT va xalqaro tashkilotlar bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash uchun zudlik bilan humanitar pauza e’lon qilishga chaqirgan.

Isroil G‘azoning katta qismini vayronlarga aylantirgan. Bu esa isimlik suv, oziq-ovqat, dori-darmon, yoqilg‘i va elektr ta’minoti kabi asosiy mahsulotlar taqchilligini keltirib chiqargan va qamal qilingan eksklavda kasalliklar tarqalishi uchun zamin yaratgan.

Isroilning bu harakatlari dahshatli noinsoniylik namunasi, deb atalmoqda.

20 avgust kuni Isroil armiyasi Dayr ul-Balahdagi bozorga raketda hujumi bergan. 9 kishi, jumladan ikki yosh bola o‘lgan. Bu zarba majburan ko‘chirilgan falastinlik qochqinlar qo‘nim topgan maktabga berilgan va kamida 20 kishining halok bo‘lishi va o‘nlab insonlarning yaralanishiga olib kelgan zarbadan ko‘p o‘tmasdan amalga oshirilgan.

So‘nggi sutka ichida Isroil agressiyasi qurbonlari soni kamida 50 kishini tashkil etgan. 7 oktyabrdan buyon G‘azoda qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 40 ming 223 kishini tashkil etmoqda, 92 ming 871 kishi yarador bo‘lgan. O‘ldirilganlarning uchdan ikki qismi yosh bolalar va ayollardir.

Ukrainaning Kurskdagi operatsiyasi

Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastiga bostirib kirganidan ikki haftadan ortiqroq o‘tganidan keyin ham Rossiya armiyasi raqibni to‘liq to‘xtata olgani yo‘q.

Ukraina qo‘shini egallangan hududlarda nafaqat mustahkam o‘rnashib, bu hududlarni kengaytirmoqda va zaxira kuchlarini olib kelmoqda, balki katta ehtimol bilan yangi harbiy harakatlar maydonini tayyorlamoqda.

Ikki haftalik janglar davomida Ukraina qurolli kuchlari oldinga chuqur kirib borishga intilmadi, balki qanotlarga hujum qilib, egallangan hududlarni ikki yonga kengaytirishga harakat qildi.

Shu sabab ukrainlarning Kursk oblastiga bosqinining ilk kunlariga xos bo‘lgan shiddatli temp ancha past tezlikdagi yurish harakatlari bilan almashdi.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘shni mamlakat hududiga kattagina kuch olib kirganini Rossiya mudofaa vazirligining janglar va otishmalar to‘g‘risidagi bayonotlari ham tasdiqlaydi.

Ukraina qurolli kuchlari yaxshi tayyorlangan tuzilmalar bilan Kursk oblastida kutilmagan hujumni amalga oshirish orqali taktik muvaffaqiyatga erishdi. Dastlabki zarbadan keyingi shok holati o‘tib ketganida, Rossiya Kursk oblastida mudofaani qurishga harakat qilmoqda.

Hozir Ukraina qurolli kuchlari qismlarini bir hamlada ortga chekintirish haqida gap ketmayapti, buning uchun frontning boshqa uchastkalaridagi kuchlarni qaytarib kelish talab etiladi. Rossiya Kursk mudofaasi uchun qo‘shin yig‘ayotganiga qaraganda, qo‘mondonlik Ukrainadagi front bo‘linmalarini zaiflashtirishni istamayapti.

Shu tufayli Kursk oblastiga yirik kuchlar emas, frontning turli joylaridan olingan kichik qismlar tashlanmoqda.

Rossiyadagi mustaqil nashrlar xabar qilishicha, Kursk oblastiga shoshilinchda hatto Havo-kosmik kuchlarining motoo‘qchi polki kabi ekzotik bo‘linmalar ham olib kelingan. Ular orasida doimiy joylashuv manzili Belgorod oblastida bo‘lgan «Sever» qo‘shinlar guruhiga mansub bo‘linmalar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ukraina ham Kursk oblastiga zaxira kuchlarini olib kelmoqda. Avvalroq Rossiya hududidagi amaliyotda Ukraina qurolli kuchlarining 22-mexanizatsiyalashgan brigadasi hamda 82-desant-shturm brigadasi bo‘linmalari, shuningdek boshqa qismlar ishtirok etayotgani haqida gaplar chiqqandi.

Ukraina qurolli kuchlari yurish sur’atini pasaytirgan bo‘lsa-da, ko‘priklarni vayron qilishga bo‘lgan urinishlar Glushkovo rayonida yurish boshlashga tayyorgarlik bo‘lib ko‘rinmoqda.

Ularda buning uchun kuchlar qanchalik yetarli ekanini aytish qiyin, ammo nima bo‘lganda ham mazkur hududda ukrainlarga qarshi turgan rus qo‘shini boshqa uchastkalardagi kabi jangovar kuch bo‘lib ko‘rinmayapti.

Armanlarga «tashlagan» Lukashenko

Beralus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida Armanistonning g‘arb davlatlari bilan yaqinlashishiga harakatini tanqid ostiga olib, armanlar «bizdan bo‘lak hech kimga kerak emas», degan.

«Siyosatni ko‘rmayapsimi? Men hattoki e’tibor ham qilmagandim, Armaniston haqida gapirishni ham istamayman. Bu qanday siyosat bo‘ldi? Armanlar bizdan bo‘lak kimga ham kerak? Ular hech kimga kerak emas», – degan Lukashenko biz deganda Belarus va Rossiyani nazarda tutib.

«Qanaqa Fransiya, qanaqa Makron? Ertaga Makron bo‘lmaydi va hamma Armanistonni unutadi», – degan u.

Lukashenkoning bayonotlari Armanistonni jahllantirdi. Yerevandagi Belarus elchixonasi oldida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar elchixona binosini kartoshka, tuxum va pomidorlar bilan «o‘qqa» tutishgan va hukumatdan Belarus bilan diplomatik aloqalarni uzishni talab qilishgan.

Voqealarga Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tsixanovskaya ham o‘z munosabatini bildirgan.

«Biz Aleksandr Lukashenko tomonidan Armaniston va arman xalqi manziliga aytilgan e’tirozli haqoratlarni qattiq qoralaymiz. Bu diktator belaruslarni ham, armanlarni ham Kreml manfaatlari uchun sotdi. Belaruslar do‘stona Armanistonning do‘stona xalqini qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga harakat qiladi», — dedi Svetlana Tsixanovskaya.

Sayyora bo‘ylab odimlayotgan MPOX

2024 yilning boshidan buyon Kongo demokratik respublikasida kamida 16,7 mingta mpox suvchechagi holati aniqlangan. Bu sayyoramiz bo‘ylab aniqlangan holatlarning 95 foizini tashkil etadi. Shu paytgacha bu yuqimli kasallikdan o‘lganlar soni 600 ga yaqinlashgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining jiddiy tashvishlanishiga qaramasdan, jamoatchilik salomatligi sohasida favqulodda holat e’lon qilish barcha mamlakatlarning o‘z hududlarida suvchechak hodisasi paydo bo‘lishiga diqqat-eʼtiborli bo‘lish va holatga tayyor turishni ta’minlashga qaratilgan.

Mpox suvchechagi virusi sichqon va olmaxon kabi kemiruvchilar yoki virus yuqtirgan odamlar vositasida tarqaladi.

Kasallikning eng keng tarqalgan sabablaridan biri — tanadagi toshmalarga teginish, virus yuqtirgan insonning kiyimlari, choyshablari va u ishlatgan boshqa buyumlardan foydalanishdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti avvaliga «maymun suvchechagi» deb atay boshlangan kasallikning nomini ko‘plab irqchilik kayfiyatidagi gap-so‘zlardan so‘ng «mpox» deb o‘zgartirishga qaror qilgan.

Tashkilotning qayd etishicha, mpox COVID-19 singari pandemiya bilan tahdid qilmayapti, chunki virus havo-tomchi yo‘li bilan emas, asosan yaqin jismoniy aloqa orqali yuqadi.

Sadir Japarov chiqindi yig‘ishtirdi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tog‘larda sayyohlar tashlab ketgan chiqindilarni yig‘ib, yurtdoshlarini tabiatni asrashga chaqirdi.

Siyosatchi bu jarayon aks etgan videoni Facebook sahifasiga joylashtirdi.

«Tabiatga befarq bo‘lmaylik, bir-birimizni nazorat qilaylik, tarbiyalaylik, o‘rnak bo‘laylik», degan Japarov.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, «kimdir, qayerdandir kelib» tartib-intizom o‘rnatib bermaydi. Japarov, shuningdek, mamlakat fuqarolarini bir kun bilan yashamaslikka chaqirgan.

Krishtianu Ronaldu yutuberga aylandi

Portugaliyalik mashhur futbolchi Krishtianu Ronaldu o‘zining shaxsiy YouTube-kanalini ochdi va birinchi kuniyoq rekord o‘rnatdi.

U videoxosting tarixida 1 million obunchani hammadan tezroq yig‘di. Buning uchun yulduz futbolchiga atigi bir yarim soat kifoya qildi.

Krishtianu Ronaldu uz videoblogida sport, oilasi, salomatlik, to‘g‘ri oziqlanish, biznes hamda hayotdagi qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tish haqida hikoya qilishni mo‘ljallamoqda.

Ushbu yangilik yozilayotgan pallada Krishtianu Ronalduning obunachilari soni 13 milliondan oshgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: