Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyoti halokatiga haddan tashqari yuklama va yomon ob-havo sabab bo‘lmagan. Bu haqda Mehr agentligi Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabining aviahalokatlarni surishtiruvini nazorat qiluvchi aloqa markaziga tayanib xabar berdi.
Aloqa markazining ta’kidlashicha, Fars axborot agentligi tomonidan shu mazmunda tarqatilgan xabar yolg‘on. Markaz ommaviy axborot vositalarini mudofaa va xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘zi bilan muvofiqlashtirishga chaqirdi.
Avvalroq, Fars axborot agentligi Raisiy uchgan vertolyot bortida xavfsizlik protokollarida ruxsat etilganidan ikki kishi ko‘proq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shu sababli, uchuvchi tumanni payqab, vertolyotni kerakli balandlikka olib chiqmoqchi bo‘lganida, mashina yetarli quvvatga ega bo‘lmagan va tuman tufayli ko‘rish cheklangan sharoitda tog‘ga qulagan.
Eron Bosh shtabi vertolyot halokati sabablarini o‘rganish bo‘yicha dastlabki hisobotida yo‘lovchilar va jihozlar soni, yuk tashishning maksimal og‘irligi bo‘yicha vertolyot sig‘imiga bog‘liq qoidalar buzilishi aniqlanmaganini qayd etgan. Bosh shtabning falokatni o‘rganish bo‘yicha komissiyasi avariyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlarni aniqlamagan. Komissiyaning ikkinchi hisobotida ob-havo sharoiti parvoz uchun qulay deb topilgani alohida ta’kidlangan.
19 may kuni Ibrohim Raisiy va Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bo‘lgan vertolyot Sharqiy Ozarbayjon provinsiyasi shimoli-g‘arbidagi tog‘ga quladi. Vertolyot bortidagi 8 kishining barchasi halok bo‘ldi.