Urush boshlanganidan buyon Rossiyada real inflatsiya 70 foizdan oshdi

Jahon 09:05 / 21.08.2024 1818

Urush boshidan buyon real iste’mol savatchasiga qarab hisoblangan yig‘indi inflatsiya 2024 yilning iyuliga kelib 71,4 foizga yetgan. 2022 yilning fevralidan buyon oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, yuvish vositalari, shaxsiy gigena vositalari, dori-darmon, kiyim-kechak kabi kundalik mahsulotlarning narx indeksi shunchaga oshgan, deyiladi “Romir” tadqiqot holdingi hisob-kitoblarida.

500 mahsulot va xizmatlardan iborat virtual savatchaga qarab hisob-kitob qiladigan Rosstatdan farqli o‘laroq, “Romir” Rossiya shaharlarida 2008-2023 yillarda amalga oshirilgan 15 mln real xarid asosida narxlarni o‘lchaydi.

Shunday qilib, joriy yil boshidan iyul oyi oxirigacha Rossiyada inflatsiya 9,6 foizni tashkil etgan va rasmiy raqamdan 1,9 barobar yuqori ekani oydinlashgan (Rosstatga ko‘ra bu raqam 5,06 foiz). Iyul oyi yakuniga ko‘ra mahsulotlarning yillik inflatsiyasi (FMCG) 21,2 foizni tashkil etib, Rosstat raqami (6,7 foiz) dan 2,3 barobar yuqoridir.

Ochiq statistikaning to‘rt yarim yili ichida o‘rtacha statistik Rossiya oilasining iste’mol savatchasidagi narxlar ikki barobardan ziyodroqqa sakragan: FMCG indeks-deflyatori 127,5 foizga oshgan.

Rosstat iyul oyida Rossiyadagi inflatsiyani 9,1 foizga baholagan va bu 2023 yilning fevralidan buyon eng katta qiymat bo‘ldi. Oylik inflatsiya 1,14 foizga teng bo‘lgan (iyun oyiga nisbatan narxlar shunchaga o‘sgan) va 2022 yilning aprelidan buyon rekord darajaga yetgan.

Rosstat baholashlariga ko‘ra, oziq-ovqat inflatsiyasi 10  foizgacha tezlashgan va 2023 yil iyul oyi qiymatidan qariyb 5 barobarga oshgan. O‘tgan yilga nisbatan olib qaralganda tuxum narxi 37 foizga, sabzavotlar 17 foizga, go‘sht 13 foizga oshgan. Yil boshidan buyon kartoshka 90 foizga, sabzi 54 foizga, karam 50 foizga, olma 33 foizga qimmatlagan. Iyul oyida Rossiya markaziy bankining buyurtmasiga ko‘ra jamoatchilik fikri fondi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda rossiyaliklarning qariyb yarmi — 46 foizi so‘nggi oy ichida narxlar “juda keskin oshgani”ni ta’kidlagan, 63 foiz so‘ralganlar esa bu tendensiya saqlanib qolishini aytgan.

Mudofaa zavodlariga trillion rubllab pul yotqizish va urushga yollanganlarga yuz ming rubllab maosh to‘plash iqtisodiyotni pulga to‘ldirgan. Inflyatsion yong‘inni o‘chirish uchun RF MB o‘tgan yili besh marta asosiy stavkani ko‘tarishga majbur bo‘lgan, bu yil esa uni 18 foiz darajada belgilagan, bu esa urushning dastlabki oylaridagi “shok”dan so‘ng eng yuqori qiymat hisoblanadi.

RF MB o‘zining yaqin yig‘ilishlarida siyosatni yanada qat’iylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Biroq reallikda vaziyatga ko‘p ham ta’sirini o‘tkaza olmaydi, demoqda iqtisodchi Natalya Zubarevich: «Toki budjet pullari shiddat bilan iqtisodiyotga, birinchi navbatda mudofaa sektoriga quyilayotgan ekan, asosiy stavkani oshirib inflatsiyaga qarshi kurashish juda qiyin bo‘ladi», degan u.

Ko‘proq yangiliklar: