Ukraina Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qildi

Jahon 18:53 / 21.08.2024 1955

Ukraina Oliy Radasi Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qildi. 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 281 deputat qarorni yoqladi, bir deputat qarshi, 22 nafari betaraf bo‘ldi, 24 nafari ovoz bermadi. Bu haqda deputat Yaroslav Jyeleznyak xabar berdi.

Jyeleznyakning aytishicha, «ko‘rib chiqish jarayonida juda jiddiy muhokama bo‘ldi, tarafdorlar ham, qarshilar ham ko‘p edi».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 avgust kuni Radaga tegishli qonun loyihasini kiritgan edi. 20 avgust kuni hujjat Radaning tashqi siyosat bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Qabul qilingan tuzatishlar matnida ta’kidlanishicha, Rim statuti kuchga kirganidan keyin 7 yil davomida Ukraina o‘z fuqarolari tomonidan sodir etilgan deb taxmin qilingan harbiy jinoyatlarga nisbatan Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Irina Mudraya so‘zlariga ko‘ra, Rim statutining ratifikatsiya qilinishi Ukrainaga Xalqaro jinoiy sudga to‘laqonli a’zo bo‘lish, shu jumladan sudyalar va sud prokurori lavozimlariga o‘z nomzodlarini ko‘rsatish, sud majlisida ishtirok etish, sudyalarni saylash va sud bilan «samarali hamkorlik qilish» imkonini beradi. Bundan tashqari, agar Rossiya prezidenti Vladimir Putin borgan mamlakatlar Rim statutini ratifikatsiya qilgan bo‘lsa, Ukraina ularga murojaat qilishga haqli bo‘ladi.

Ukraina 2000 yil 20 yanvarda Rim statutini imzolagan, biroq uni uzoq yillar davomida ratifikatsiya qilmagan. Rim statutini ratifikatsiya qilish Ukrainaning Yevropa Ittifoqi bilan 2014 yilda imzolangan ittifoqdoshlik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlaridan biridir.

Xalqaro jinoiy sud 2023 yil martida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda gumon etilmoqda. Xuddi shunday ayblov bilan order Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: