Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan qurolli kuchlarning Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatidagi hujumi uzoq muddatli maqsadlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda 20 avgust, seshanba kuni Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder brifing chog‘ida ma’lum qildi.
Ukraina qurolli kuchlari operatsiyasiga kelsak, «avval aytganimdek, ular Rossiya qurolli kuchlarini «javob sifatida» katta kuch sarflashga majbur qilishdi», dedi Rayder. «Bu (hujum) ukrainaliklarning ijodkorligi va jangovar jasoratini namoyish etdi», deya qo‘shimcha qildi u.
Pentagon matbuot kotibining ta’kidlashicha, «Rossiya javob berish uchun Kurskka, Kursk viloyatiga oz sonli kuchlarini yubormoqda». «Umuman olganda, Rossiya javob berishda qiynaldi, deb aytgan bo‘lardim va siz bu borada Ukrainaning ba’zi muvaffaqiyatlarini ko‘rishingiz mumkin», dedi Rayder.
Ukraina Kursk viloyatidagi 93 ta punkt ustidan nazorat o‘rnatilganini e’lon qildi
Ayni vaqtda, Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 20 avgust kuni Ukraina Kursk viloyatidagi 1260 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 93 ta aholi punktini nazorat qilayotganini ma’lum qildi.
«Xavfsizlik zonasini yaratish va Rossiya Federatsiyasi hududidan Sumi viloyatidagi fuqarolik nishonlarini o‘qqa tutishni to‘xtatish, shuningdek, dushmandan oldinga o‘tish uchun mudofaa kuchlari Kursk yo‘nalishi bo‘yicha hujumkor mudofaani amalga oshirmoqda». - dedi u.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, ukrain tuzilmalari Rossiya hududiga 28-35 kilometr chuqurlikda kirib borgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Ukraina mudofaa kuchlari Kursk yo‘nalishi bo‘yicha hujumlarini davom ettirayotganini ma’lum qildi. «Pokrovskiy va Toretskiy yo‘nalishlaridagi vaziyat keskinligicha qolmoqda», deyiladi kundalik xabarda.
Rossiyada «Belgorod», «Kursk» va «Bryansk» guruhlari tashkil etiladi
20 avgust kuni Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov chegara hududlari harbiy xavfsizligini muvofiqlashtirish kengashi yig‘ilishida Rossiyada «Belgorod», «Kursk» va «Bryansk» harbiy guruhlari tashkil etilishini ma’lum qildi. U ularni kim boshqarishiga aniqlik kiritmadi.