Solomon orollarida maktab yaqinidan 200 dan ortiq snaryad topildi. Ular Ikkinchi jahon urushiga taalluqli

Jahon 11:52 / 21.08.2024 3391

Tinch okeanida joylashgan Solomon orollarida yer ostidan Ikkinchi jahon urushi davriga oid o‘q-dorilar ombori topildi.

Solomon Qirollik politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z vaqtida Amerika qo‘shinlariga tegishli bo‘lgan 200 dan ortiq snaryad maktab ishchisining uyi yaqinida, maktabga oqava suv keltirish uchun chuqur qazilayotganda topildi. Zang bosgan snaryadlar qazib olinib, maxsus joyga olib ketildi.

Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqqan paytda Yaponiya va Qo‘shma Shtatlar Solomon orollarini nazorat qilish uchun shiddatli kurash olib borgandi, oqibatda Janubiy Tinch okeani arxipelagi portlamagan o‘q-dorilarga to‘lib ketgan, ular bugun ham odamlarning hayotiga xavf solmoqda.

20 avgust kuni inspektor Klifford Tunuki yillar davomida yer ostida yashiringan qurol-yarog‘ ombori xavfsiz joyga o‘tkazilganini va endi ularni zararsizlantirish kutilayotganini aytdi.

Solomon orollari poytaxti Xoniar shahridagi maktabda darslar bir necha kunga to‘xtatildi.

Politsiya portlamay qolgan o‘q-dorilarni qazib olmoqda.
Foto: Solomon orollari Qirollik politsiyasi

Bu topilma Tinch okeani mintaqasida Ikkinchi Jahon urushidan qolgan qurollarning bir qismi.

Tinch okeanidagi Solomon orollari, Papua-Yangi Gvineya va Palau kabi orollarga minglab bombalar tashlangan, ularning aksariyati portlamay qolgan. Bundan tashqari urush davrida barcha orollarda o‘q-dori omborlari tashkil etilgan.

Ta’kidlash joiz, 2020 yilda Honiarada bombalarni zararsizlantirish bo‘yicha ikki xorijiy ekspert halok bo‘ldi, ular butun mamlakat bo‘ylab eski qurol-yarog‘ omborlarining xaritasini tuzayotgandi.

2021 yilda esa Honiaradagi uyning orqa hovlisidan Ikkinchi jahon urushida portlamay qolgan 100 dan ortiq bomba topildi.

Ko‘proq yangiliklar: