Panama AQSh tomonidan moliyalashtiriladigan reyslar orqali migrantlarni qaytarishni boshladi

Jahon 01:38 / 21.08.2024 2555

Panama 20 avgustdan boshlab Qo‘shma Shtatlar tomonidan moliyalashtiriladigan reyslar orqali noqonuniy migrantlarni qaytarishni boshladi, deb xabar beradi BBC.

Ushbu qadam Xose Raul Mulino Panama prezidenti sifatida qasamyod keltirganidan ikki oy o‘tib tashlandi. Mulino saylovoldi kampaniyasida o‘tgan yilning o‘zida yarim milliondan ortiq migrantning Janubiy Amerikadan shimolga o‘tishiga xizmat qilgan xavfli yopishga va’da bergan.

Bayden ma’muriyati noqonuniy migratsiyani cheklash yo‘lidagi sa’y-harakatlari doirasida parvozlar xarajatini qoplashga rozi bo‘lgan.

20 avgust kuni 29 kolumbiyalikdan iborat guruh ortga qaytarilgan. Panama tashqi ishlar vaziri va AQSh ichki xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Alexandro Mayorkas tomonidan imzolangan bitimga muvofiq, Qo‘shma Shtatlar Panamaga noqonuniy migrantlarni qaytarish bo‘yicha logistika, transport va texnika xarajatlari uchun 6 million dollar ajratishga rozi bo‘lgan.

Immigratsiya AQShda noyabr oyida o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlari oldidan muhim masala hisoblanadi va Meksika orqali mamlakatga kirib kelayotgan migrantlar oqimi qattiq nazoratga olingan.

Dariyen koridori — Kolumbiya va Panama o‘rtasidagi jungli o‘rmonlari bo‘lib, Janubdan Shimoliy Amerikaga yo‘l olgan fuqarolar uchun tabiiy to‘siq vazifasini o‘taydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilda ushbu xavfli yo‘lni 520 mingga yaqin odam piyoda bosib o‘tgan. 

Prezident Mulino Panama orqali o‘tadigan migrantlar sonini cheklashga va’da berib, ushbu vaziyatni «afsuslanarli» deb atagan. «Ularning aksariyati venesuelalik. Bu odamlar… ajralishga majbur bo‘lgan oilalar, o‘rmonni kesib o‘tish vaqtida ota-onasi halok bo‘lgan besh-olti yoshli bolalar bor. Biz ularning kimligini, hatto ismini ham bilmaymiz», — deydi u.

Avvalroq prezident reyslar orqali birinchi navbatdagi kolumbiyalik migrantlar qaytarilishini ma’lum qilgandi. Panamaga olib kelingan migrantlarni Kolumbiya o‘z vataniga olib ketish-ketmasligi hozircha noma’lum.

Mintaqadagilar agar Venesueladagi siyosiy inqiroz yaqin vaqtlar ichida bartaraf etilmasa qochoqlar oqimi ortib ketishi mumkinligidan xavotirda. Saylov oldidan o‘tkazilgan so‘rovlarda aksariyat venesuelaliklar Nikolas Maduro prezident etib qayta saylansa, mamlakatni tark etishlarini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: