O‘zbekiston prezidentining jamoatchilik munosabatlarini huquqiy tartibga solish sifati va samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi.
Soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi:
jismoniy va yuridik shaxslarga majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash (keyingi o‘rinlarda — talablar), ularni o‘zgartirish yoxud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;
tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish.
Baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki xulosasi olinadi. Kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:
soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;
Oliy Majlis palatalari, prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.
Adliya vazirligi ikki oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tartibga solish ta’sirini soddalashtirilgan va kengaytirilgan baholashdan o‘tkazish uslubiyotini tasdiqlaydi.
Amaldagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llash samaradorligini tahlil qilish, baholash faoliyatini kompleks tashkil etish va bu borada joriy etilgan institutlarning o‘zaro bog‘liqligi hamda ta’sirchanligini oshirish maqsadida 2025 yildan boshlab ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, huquqiy normalarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjat kuchga kirgandan so‘ng normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosini ta’minlash hamda baholash uchun statistik ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida har yili mas’ul davlat organi tomonidan monitoring olib boriladi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilganligi va samaradorligini aniqlash maqsadida qonunosti hujjatlari har uch yilda mas’ul davlat organi tomonidan baholashdan o‘tkaziladi.