Italiyada cho‘kib ketgan superyaxta ichidan multimillioner Maykl Linch va qizining jasadi topildi

Jahon 23:03 / 21.08.2024 8138

Britaniyalik multimillioner Maykl Linchning cho‘kib ketgan yaxtasi ichidan to‘rt kishining jasadi topildi. Bu haqda qutqaruv operatsiyaga aloqador shaxslarga tayanib, Reuters xabar berdi.

Rasmiylar qurbonlar shaxsiga darhol aniqlik kiritmadi. Uch kishining jasadi qirg‘oqqa olib chiqilib, shaxsiga rasman aniqlik kiritilishi uchun shifoxonaga yetkazilgan. To‘rtinchi kishi jasadi esa 21 avgust kechasi qirg‘oqqa chiqarilgan.

British’s Daily Telegraph’ning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning ikki nafari — Linch hamda uning 18 yoshli qizi. Sitsiliya mahalliy hokimiyati holatga izoh berishdan bosh tortgan.

Qiymati 35 million yevro turadigan 56 metrli Bayesian yaxtasi 19 avgust kechasi Portichello shahri sohillari yaqinida tornado oqibatida cho‘kib ketgandi.

59 yoshli Linch Buyuk Britaniyada texnologiya sohasidagi eng muvaffaqiyatli tadbirkorlardan bo‘lib, yaqinda firibgarlik ishi bo‘yicha AQSh sudida oqlanganini nishonlash uchun do‘stlarini yaxtaga taklif qilgan.

Linch va uning qizidan tashqari, halokatdan keyin Morgan Stanley International noijrochi raisi Jonatan Blumer hamda uning rafiqasi Judi, shuningdek, Clifford Chance yuristi Kris Morvillo va uning turmush o‘rtog‘i Neda Morvillo ham bedarak yo‘qolgan.

G‘avvoslar oxirgi ikki kun davomida cho‘kib ketgan yaxtada marhumlar jasadini qidirish bilan shug‘ullandi. Taxmin qilinganidek, ular kayutalarida qamalib qolgan.

Sud organlaridagi manbalarning so‘zlariga ko‘ra, sohil xavfsizligi xizmati omon qolganlarni, jumladan, yaxta kapitanini so‘roq qilmoqda.

Mutaxassislar birinchi darajali xavfsizlik funksiyalariga ega bunday hashamatli kema qanday qilib qisqa daqiqalar ichida cho‘kib ketganini tushuntirib bera olmayapti. Ta’kidlanishicha, langari tashlangan holda turgan yaxtaning cho‘kishiga kuchli tornado sabab bo‘lmagan.

Linchni «britaniyalik Bill Geyts» deb atashardi. U Buyuk Britaniyadagi eng yirik dasturiy ta’minotlardan biri Autonomy’ni yaratib, 2011 yilda 11 milliard dollarga HP kompaniyasiga sotishga uringan. Ammo Amerika texnologik giganti uni firibgarlikda ayblaganidan keyin bitim barbod bo‘lgan. Iyun oyida u San-Fransisko sudi tomonidan barcha ayblovlardan oqlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: