Finlandiya Shimoliy atlantika alyansiga (NATO) a’zo bir nechta davlatlar bilan o‘z mamlakati hududiga qo‘shinlarni joylashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Finlandiya mudofaa vaziri Antti Hyakkyanen Yle teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOga a’zo davlatlar qo‘shinlari Finlandiya hududiga uzoq muddatga joylashtirilishi mumkin, ammo doimiyga emas. Hyakkyanenning ta’kidlashicha, harbiy tahdid mavjud bo‘lmasa-da, vaziyat keskin. U Finlandiya qo‘shinlarni o‘z hududiga joylashtirish bo‘yicha qaysi davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini ochiqlamagan, ammo gap Shimoliy Yevropa mamlakatlari va alyansning boshqa a’zolari haqida ketayotganini shama qilgan. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, muzokaralar yil oxiriga qadar davom etadi.
19 avgust kuni politolog Dmitriy Juravlyov Shvetsiya va Finlandiya NATO manfaatlari yo‘lida Rossiyani Boltiq dengiziga chiqishdan mahrum qila olmasligini aytgandi. «Boltiq floti kuchlari bu kabi urinishlarni natijasiz qoldiradi», — degan edi u.
Bundan oldin Rossiya prezidenti yordamchisi Nikolay Patrushev NATO jahon okeanida, xususan, Rossiya hududiga yaqin okean va dengiz suvlarida harbiy-dengiz kuchlari sonini oshirib borayotganini ta’kidlagan edi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu maqsadlar yo‘lida alyans harbiy-dengiz kuchlariga ega Shvetsiya va Finlandiyadan foydalanishi mumkin.
Iyul oxirlarida Rossiya floti kemasi Finlandiya bilan dengiz chegarasini kesib o‘tgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Hodisa Finlandiya ko‘rfazining sharqiy qismida yuz bergan va taxminan yetti daqiqa davom etgan. Rossiya kemasi chegara qo‘riqlash kemasi hamrohligida Finlandiya hududini tark etgan edi.