«Tarix Jo Baydenni katta xavf ostida qolgan demokratiyani himoya qilgan prezident sifatida eslab qoladi, — degan u. — Endi biz o‘zimiz ishonadigan Amerika uchun kurashishimiz darkor. Va adashmang, bu chinakam kurash bo‘ladi».
Amerikaning ilk qora tanli prezidenti bo‘lgan Obama o‘zining jiddiy siyosiy kapitalini Harrisni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatdi, u noyabrdagi saylovlarda g‘olib chiqsa, AQSh prezidentligiga saylangan ilk qora tanli ayolga aylanadi.
U shuningdek AQSh prezidentligiga yana Donald Tramp saylanishi mumkin bo‘lgan ssenariy xavfidan ogohlantirdi.
«Bizga yana to‘rt yil behuda gap-so‘zlar, beadablik va tartibsizliklar kerak emas. Biz bu kinoni oldin ham ko‘rganmiz va barchamiz bilamizki, davomi odatda yanada yomonroq bo‘ladi, — degan Obama qurultoy delegatlariga. — Amerika yangi sahifa ochishga tayyor. Amerika eng yaxshi hikoyaga tayyor. Biz Kamala Harrisning prezidentligiga tayyormiz».
«So‘nggi haftalarda biz ega bo‘lgan aql bovar qilmas energiyaga qaramay, bu hali ham ikkiga bo‘lingan mamlakatdagi o‘ta keskin kurash bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan sobiq prezident.
«Qora tanlilar uchun ish o‘rni»
Sobiq prezidentning rafiqasi Mishel Obama ham qurultoyda chiqish qilib, Harris — AQSh prezidenti lavozimi uchun eng munosib nomzod ekanini aytdi: «Uning tarixi — bu sizning tarixingiz. Bu mening tarixim. Bu yaxshi hayot qurishga intilayotgan juda ko‘pchilik amerikaliklar tarixi».
U Tramp Harrisni qoralash uchun bor kuchini ishga solishidan ogohlantirdi va respublikachilar nomzodining yaqinda AQShga kelayotgan noqonuniy muhojirlar «qora tanlilarning ish joylari»ni egallab olayotgani to‘g‘risida aytgan gaplariga javob qaytardi.
«Cheklangan va tor dunyoqarashi uni ikki mehnatkash, oliy ma’lumotli, muvaffaqiyatli, qolaversa qora tanli bo‘lgan odamlar mavjudligi tahdidini his qilishga majbur qildi, — degan u gulduros qarsaklar ostida. — U o‘zi qo‘lga kiritishga harakat qilayotgan ish ham „qora tanlilar uchun ish o‘rni“ bo‘lishi mumkinligini unga kim aytadi?»
Kamala Harrisning o‘zi Miluokidagi saylovoldi mitingiga ketgani tufayli qurultoyda videoaloqa orqali qatnashdi. U bu vaqtda iyul oyida Respublikachilar partiyasining Tramp nomzodi prezidentlikka rasman ilgari surilgan milliy qurultoyi o‘tkazilgan binoda edi.
O‘z nutqida Harris Trampni AQSh Oliy sudining ayollarning abort qilish huquqini bekor qilgan qarorini qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi.
«Men yomon xatti-harakatlarning oqibati bo‘lishi kerakligiga ishonaman. Biz noyabr oyida, saylovchilar ovoz berish uchun qutilar oldiga borishganida u jazosini olishi uchun qayg‘uramiz», — degan Harris.
Demokratlar abort huquqini saylov kampaniyasidagi asosiy kuziri sifatida ko‘rmoqda, Harrisning o‘zi vitse-prezident ekanida bu masala bilan shug‘ullangan.
Demokratlar qurultoyida Trampning harakatlariga qo‘shilmagani uchun partiyani tark etgan ayrim respublikachilar ham chiqish qildi.
Tramp prezidentligi davrida Oq uyda matbuot kotibi bo‘lgan Stefani Grishem sobiq prezidentning «chinakam tarafdori» bo‘lishdan 2021 yil 6 yanvarida Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga hujumidan keyin Oq uyning iste’fo bergan ilk yuqori martabali xodimi bo‘lishgacha yo‘lni qanday bosib o‘tgani haqida so‘zlab berdi.
Arizona shtati Mesa shahridan bo‘lgan respublikachi mer Jon Jayls turli partiyalar tarafdorlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga barham berishni o‘z burchi deb bilgan marhum respublikachi senator Jon Makkeyn yodga oldi.
«Men kabi siyosiy spektr markazida turgan ko‘plab amerikaliklar uchun muhim xabarim bor, — degan u. — Jon Makkeynning Respublikachilar partiyasi endi yo‘q va biz unda qolishga majbur emasmiz».
Trampni yoqtirmaydigan konservativ saylovchilar — demokratlarning bo‘lg‘usi saylovlardagi asosiy umidlaridan biri. Partiyaning vazifasi bundaylarni saylov kuni o‘z uyida o‘tirmasdan, Harrisga ovoz berish uchun saylov uchastkalariga borishga ishontirishdir.