​​​​​​​Avstraliyadagi noodatiy yo‘l: beton izlarda harakatlanadigan avtobuslar

Jahon 18:11 / 21.08.2024 7601

O-Bahn Busway deb nomlanadigan bu tizimda avtobuslar xuddi poyezdlarga o‘xshab maxsus temir-beton izlar ustida harakatlanadi. Avtobuslar temir izlar ustidan odatdagiday rezina shinalar yordamida yuradi va tezlikni soatiga 100 kilometrgacha chiqara oladi.

O-Bahn Busway tarixi

Ikkinchi jahon urushi yillarida Adelaida shahrida 300 ming atrofida odam yashagan. 1960-yillarda shahar aholisi yarim milliondan oshadi. 1968 yilda shahar ma’muriyati Adelaida shahrida jamoat transportini rivojlantirish uchun turli rejalar ishlab chiqadi.

Jumladan, metro, transport vositalari uchun tezyurar yo‘l qurish masalasi muhokama qilinadi. Biroq bu takliflarning birortasi amalga oshmaydi. Chunki rejalarni amalga oshirish uchun shahar ichida va atrofida juda ko‘pchilikning uy-joyini buzishga to‘g‘ri kelardi. Shahar ma’muriyati odamlarga katta miqdorda tovon to‘lash uchun mablag‘ topib bera olmasligini ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng o‘n yillar davomida shaharda transport tizimi boricha rivojlantiriladi. Yangi yo‘llar, tunnellar quriladi. Shu bilan birga shahar va uning atrofida aholi soni oshib boradi.

1973 yilda Adelaida shahri joylashgan shtat ma’muriyati shaharda tramvay liniyalari uchun temiryo‘llar qurish masalasini ko‘rib chiqadi. Temir izlar asosan shahar atrofi bilan uning markazini bog‘lashi kerak edi.

Adelaida Avstraliya qit’asining janubiy qismida joylashgan

Biroq Adelaida ma’muriyati bu rejani qabul qilmaydi. Chunki shahar markaziga tramvay uchun temiryo‘l tortilganda ancha obod bo‘lgan Adelaidaning ko‘rkiga putur yetkazadi, deb topiladi.

Shundan so‘ng ma’muriyat Germaniyaning Daimler-Benz kompaniyasi bilan hamkorlikda bir izda harakatlanuvchi avtobuslar tizimini tashkil etishga qaror qiladi.

Avtobuslar uchun quriladigan maxsus temiryo‘l 12 km uzunlikda bo‘lishi lozim edi. 1983 yilda Adelaidaning avtomobil yo‘llari qurish uchun noqulay bo‘lgan qismida yerdan biroz ko‘tarib maxsus temir-beton yo‘l qurilishi boshlanadi.

1984 yilda avtobuslar uchun maxsus yo‘l qurishni tasdiqlagan mer navbatdagi saylovda yutqazib qo‘yadi. Uning o‘rniga saylangan yangi mer loyihaning istiqbolli ekaniga shubha bildiradi. Biroq ko‘plab bahs va tortishuvlardan so‘ng shahar ma’muriyati transport liniyasini qurib bitkazishga qaror qiladi.

1986 yilda loyihaning birinchi bosqichi bitkaziladi va avtobuslar maxsus beton izlardan harakatlanib yo‘lovchilarni tashiy boshlaydi. O‘sha yili umumiy hisobda 4 mln nafar yo‘lovchi tashiladi. Keyingi yillardan yo‘lovchi tashish miqdori oshib boradi.

1986 yilda loyihaning ikkinchi bosqichiga start beriladi. O‘sha paytda maxsus yo‘lning qiymati 98 mln avstraliya dollarini tashkil etadi.

1989 yilda loyiha to‘liq bitkaziladi va shahar aholisiga xizmat qila boshlaydi. O‘sha paytlarda har yili o‘rtacha 6-7 mln nafar yo‘lovchi tashiladi.

1996 yilda maxsus transport tizimida har kuni 20 ming atrofida, bir yilda esa 7 milliondan oshiq yo‘lovchi tashiladi. Hozirgi paytda O-Bahn Busway avtobuslari har kuni 22 ming, bir yilda o‘rtacha 8 mln nafardan oshiq yo‘lovchilarni manziliga yetkazib qo‘ymoqda.

Avtobuslar

Maxsus transport tizimi ishga tushganda temir-beton yo‘l ustida asosan Daimler-Benz kompaniyasidan sotib olingan 92 Mercedes-Benz avtobuslari harakatlangan.

O‘shanda 41 tasi oddiy, 51 tasi ikki qismli “garmoshka” avtobuslari bo‘lgan. Keyinchalik ular eskirgach Scania va MAN kompaniyalarining avtobuslari xarid qilinadi.

Avtobuslar maxsus yo‘l ustida odatiy shinalarda harakatlanadi. Mabodo harakatlanish davomida avtobus shinasi yorilsa yo‘naltiruvchi g‘ildiraklar va yo‘l chetidagi himoya to‘sig‘i avtobusning O-Bahn’dan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Shinada joylashgan ichki alyuminiy g‘ildiraklar esa avtobusning eng yaqin bekatga soatiga 70-90 km tezlikda yetib borishiga imkon beradi.

Ikkala tomondan chiqib turuvchi g‘ildirak maxsus avtobuslarni O-Bahn bo‘ylab xavfsiz harakatlanishni ta’minlashda uning eng muhim qismi hisoblanadi.

Hackaday

Bu g‘ildiraklar boshqaruv mexanizmiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan bo‘lib, ular avtobusni temiryo‘lda "boshqaradi" va asosiy g‘ildiraklarning yon tomonlarga ishqalanishining oldini oladi.

To‘g‘rirog‘i, haydovchi O-Bahn bo‘ylab harakatlanayotganda rulni ushlab turishi shart bo‘lmasa-da, xavfsizlik tartib-qoidalari vaziyatni nazorat qilishni talab qiladi.

Har bir bekat oldida yo‘nalishning tebranish qismi mavjud bo‘lib, u haydovchiga avtobus boshqaruvini o‘z qo‘liga olishi haqida eslatma bo‘lib xizmat qiladi.

Australasian Bus and Coach

Adelaida transport tizimi haqida

Adelaida shahrida O-Bahn maxsus avtobus yo‘nalishidan tashqari oddiy avtobuslar, tramvaylar va shahar tashqarisiga yengil poyezd qatnaydi.

Shahar tashqarisiga qatnovchi poyezdlardan tashqari qolgan barcha transport vositalariga chiptalar narxi bir xilda belgilangan.

Chiptalar sotib olingan paytdan boshlab ikki soat amalda bo‘ladi. Shu paytda transport vositasiga chiqishga ulgurish kerak. Hatto vaqt tugashiga bir daqiqa qolganda ham transportga chiqishga ulgurgan odam ham yo‘nalish oxirigacha keta oladi.

Chiptalar narxi vaqtga qarab belgilanadi. Tig‘iz paytda qimmatroq sotiladi, ko‘chada odamlar kam bo‘ladigan paytlar uchun arzonroq sotiladi. Chiptalar narxi 2–5 avstraliya dollari atrofida (1 AQSh dollari 1,5 avstraliya dollariga teng).

O‘quvchilarga, talabalarga va pensiya yoshidagilarga chiptalar ancha arzon sotiladi. Shuningdek, haftalik, 10 kunlik yoki oylik yo‘l chiptalari arzonroq narxlarda chiqariladi.

Bunday chiptalar uch xil – oddiy, ijtimoiy va o‘quvchi hamda talabalar uchun alohida chiqariladi. Bir oylik oddiy chipta narxi 100 dollar atrofida narxlanadi.

Ayrim haydovchilar avtobuslar uchun mo‘ljallangan yo‘ldan avtomobilda yurishga urinishadi

Adeliadada jamoat transportlarida konduktorlar bo‘lmaydi. Agar yo‘lovchi chipta olmagan bo‘lsa avtobusga chiqishda bank yoki transport kartasi orqali yo haydovchiga naqd ko‘rinishda to‘laydi.

Ayrim hollarda nazoratchilar chiqib yo‘lovchilarda chiptalar bor yoki yo‘qligini tekshirib qolishi mumkin. Agar nazoratchilar tekshirgan paytda yo‘lovchida chipta bo‘lmasa unga 200 dollar atrofida jarima solinadi.

Qoidalarga ko‘ra, jamoat transportidagi bank kartasi yoki maxsus transport kartasidan pul yechib oladigan uskuna ishlamasa yoki konduktorda yetarlicha qaytim topilmasa yo‘lovchilar manzilga bepul yetib olish huquqiga ega.

Jamoat transporti haydovchilarini haqorat qilish qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Jamoat transportlarida joy berish urfda emas, hech kim hech kimdan joy so‘ramaydi. Mabodo kimdir boshqaga joy bermoqchi bo‘lsa ixtiyori.

Nogironlar, keksalar va homilador ayollar uchun alohida o‘rindiqlar qilingan va jamoat transportida odam ko‘p bo‘lsa ham hech kim ularning o‘rniga o‘tirmaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: