AQSh Haiti sobiq prezidentini giyohvand moddalar savdosida ayblab, unga sanksiyalar qo‘lladi

Jahon 21:38 / 21.08.2024 1938

AQSh giyohvand moddalar savdosida gumonlanayotgan Haiti sobiq prezidenti Mishel Martelliga nisbatan sanksiyalar joriy etib, uni Karib davlatlarida zo‘ravonlik va beqarorlikni qo‘zg‘atishda aybladi, deb xabar beradi CNN.

AQSh Moliya vazirligining qayd etishicha, Martelli AQShga giyohvand moddalar yetkazilishiga ko‘maklashib, o‘z mavqeini suiiste’mol qilgan. Shuningdek, u giyohvand moddalar orqali qo‘lga kiritilgan noqonuniy mablag‘larni yuvishda, haitilik narkosavdogalar bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda.

20 avgust kuni e’lon qilingan sanksiyalarga ko‘ra, Amerika muassasalari va jismoniy shaxslari Martelli bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshira olmaydi.

AQSh Davlat departamenti vakili Vedant Patelning ma’lum qilishicha, ushbu qadam orqali Qo‘shma Shtatlar mansabi va mavqeidan qat’iy nazar, faoliyati banditizm va Haitidagi siyosiy muhitni beqarorlashtirishga hissa qo‘shadigan barcha shaxslar uchun javobgarlik muqarrarligini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

2011 yildan 2016 yilga qadar Haiti prezidenti lavozimida ishlagan Martelli 2022 yilda jinoiy guruhlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaganlikda gumonlanib, Kanada sanksiyalariga uchragan edi.

Ko‘proq yangiliklar: