Amerikalik huquq faoli FTBni Falastinni qo‘llab-quvvatlagani uchun ta’qib qilishda aybladi

Jahon 13:17 / 21.08.2024 1653

Amerikalik huquq himoyachisi Usama Abuirshaidning «Anadolu» agentligiga aytishicha, AQSh Federal tergov byurosi uni Falastinga xayrixoh faoliyati tufayli maxfiy kuzatuv ro‘yxatiga kiritgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu milliy xavfsizlikni ta’minlash choralari bahonasida fuqarolar erkinliklarini buzishdir.

Usama shu yilning iyun oyida FTB kuzatuvlari ro‘yxatida ekanligini bilgan. U avval ham ro‘yxatda bo‘lgan, biroq 2017 yilda undan olib tashlangan.

«Kuzatuv ro‘yxati «gumonlanuvchilar» yoki «taniqli terrorchilar» deb ataydiganlarni nishonga oladi. U juda keng qamrovga ega. Bu ro‘yxatga kiritish mezonlari qanday ekanini hech kim bilmaydi», — dedi agentlik suhbatdoshi.

Abuirshaid ro‘yxatga kiritilganidan keyin sayohat qilishda duch kelgan qiyinchiliklar haqida gapirdi. Xususan, onlayn ro‘yxatdan o‘tish yoki aeroportlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kiosklaridan foydalanish mumkin emas. Faolning aytishicha, u buning o‘rniga alohida xavfsizlik protsedurasidan o‘tadi, bu esa shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etish va bagajni sinchkovlik bilan tekshirishni talab qiladi.

«Men bunday reyslarda ko‘p bo‘lganman. Men juda katta ta’qiblarga duchor bo‘ldim», - deydi Usama.

Abuirshaidning so‘zlariga ko‘ra, aeroportdagi federal agentlardan biri uning ro‘yxatga kiritilishini Falastinni qo‘llab-quvvatlashi bilan bevosita bog‘lagan.

Huquq himoyachisi o‘zining ro‘yxatga kiritilishini falastinliklar huquqlarini himoya qilishi va AQSh G‘azoga nisbatan siyosatini tanqid etishini to‘xtatishga urinish deb biladi.

Ko‘proq yangiliklar: