Rossiya neft kompaniyalari asosiy xaridori — Xitoydan o‘z barrellariga bo‘lgan talabning keskin kamayishiga duch kelmoqda. Iyul oxirlariga ko‘ra, Rossiyadan Xitoyga neft yetkazib berish 7,4 foizga tushib ketgan. Xitoy bojxona statistikasiga ko‘ra, sutkasiga 1,76 million barrel hajmdagi neftning yetkazib berilishi — kamida o‘tgan yilning oxiridan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Xitoy importining qisqarishi birinchi chorak oxirlarida boshlandi va may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pekinga tashrif buyurganidan keyin yanada tezlashdi. Martda neftchilar Xitoyga kuniga 2,55 million barrel sotgan bo‘lsa, iyunga kelib bu ko‘rsatkich sutkasiga 2,05 million barrelni, iyulda esa 1,9 millionni tashkil etgan. Shunday qilib to‘rt oyda Xitoyga neft yetkazib berish 30 foizga, yil boshidan beri 22 foizga tushib ketdi (dekabrda sutkalik ko‘rsatkich 2,25 million barrel edi).
Reuters’ning yozishicha, Xitoy neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftini Yaqin Sharqniki bilan almashtirmoqda: iyul oyida Saudiya Arabistonidan import 13 foizga, kuniga 1,51 million barrelgacha oshgan. Bundan tashqari, Malayziyadan import qilinayotgan neft hajmi ham keskin oshib ketgan — sutkasiga 1,46 million barrel (61 foiz).
Xitoy hamon Rossiya neftining asosiy xaridori bo‘lib qolmoqda — mamlakatdagi neftning 43 foizini sotib oladi. Rossiya Xitoyga yetkazib beradigan baracha tovarlarning uchdan ikki qismini neft, 90 foizdan ko‘prog‘ini esa xomashyo tashkil qiladi.
Xitoy talabining pasayishi iqtisodiy daromadni kamaytirdi: iyul oyida u kuniga 656 million yevrogacha tushib ketdi. Neft eksportidan keladigan daromad iyunga nisbatan 5 foizga (kuniga 219 million yevro) kamaygan.
Reuters agentligining qayd etishicha, Xitoyning iyul oyida jami neft importi 2022 yil sentabr oyidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lgan. «Keskin pasayish sanoat va qurilishdagi faollikning sustligi bilan bog‘liq», — deydi Economist Intelligence tahlilchisi Metyu Shervud.