Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa Ilon Maskka Oq uydan lavozim taklif qiladi

Jahon 23:13 / 20.08.2024 5928

Respublikachilar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp hokimiyatga qaytadigan bo‘lsa milliarder Ilon Maskka Oq uydan lavozim taklif etishga tayyor. Bu haqda u Reuters’ga bergan intervyusi davomida, jurnalistning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Maskni vazir yoki maslahatchi etib tayinlash niyati bor yoki yo‘qligi borasidagi savoliga ijobiy javob qaytardi.

«U juda aqlli inson. U rozi bo‘lsa, men, albatta, bu ishni qilaman. U tengi yo‘q yigit», — deydi AQShning sobiq prezidenti.

Ushbu intervyu e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay Ilon Mask o‘zining X’dagi sahfasiga «Men xizmat qilishga tayyorman», deb yozib qoldirdi. U o‘z tvitiga neyrotarmoq yordamida o‘zgartirilgan o‘zining suratini ilova qilgan — unda Mask «Hukumat samaradorligi departamenti» yozuvi tushirilgan minbarda turibdi.

Mask va Tramp munosabatlari

Mart oyida Mask na Donald Trampning va na uning o‘sha vaqtdagi raqibi Jo Bayden kampaniyasiga xayriya qilmasligini ta’kidlagan edi. Ammo iyul oyida Trampga uyushtirilgan suiqasddan keyin Mask rasman uning saylovoldi poygasini qo‘llab-quvvatladi. Biznesmen AQShning anchadan buyon «bunaqa cho‘rtkesar» nomzodi bo‘lganini ma’lum qildi. O‘sha oyning o‘zida The Wall Street Journal milliarder respublikachini qo‘llab-quvvatlaydigan America PAC qo‘mitasiga har oy 45 million dollarga yaqin pul o‘tkazishni rejalashtirayotgani haqida yozdi.

12 avgust kuni Donald Tramp Ilon Maskka tegishli bo‘lgan X ijtimoiy tarmog‘iga qaytdi. U yerga prezidentlikka nomzod o‘zining saylovoldi roligini joylashtirdi. Shuningdek, siyosatchi Maskka ikki soatli intervyu ham berdi.

Ilon Mask hozirda dunyoning eng badavlat insoni hisoblanadi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, uning boyligi 245-248 milliard dollar atrofida.

Ko‘proq yangiliklar: