«Rospotrebnadzor»: «Maymunchechak an’anaviy qadriyatlari sabab Rossiyaga xavf tug‘dirmaydi»

Jahon 21:41 / 20.08.2024 2219

Maymunchechak epidemiyasi an’anaviy qadriyatlari sabab Rossiyaga xavf tug‘dirmaydi, deydi «Rospotrebnadzor» rahbari Anna Popova.

«Maymunchechakning yuqish usullarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, ishonchim komilki, an’anaviy qadriyalarga ega Rossiya Federatsiyasida ushbu kasallik epidemiya sifatida xavf tug‘dirmaydi», — deydi u.

Popovaning ta’kidlashicha, Rossiyada yo‘lga qo‘yilgan ekotizim «yaxshi ishlaydi» va bu «sinovdan o‘tgan». «Rospotrebnadzor» rahbarining so‘zlariga ko‘ra, avvalroq mamlakatda maymunchechak bilan kasallanish bo‘yicha uchta holat qayd etilgan, biroq ular «o‘z vaqtida aniqlangani sabab tarqalishiga yo‘l qo‘yilmagan».

14 avgust kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mpox virusi tarqalishi yana boshlangani sabab dunyoda favqulodda holat e’lon qilgandi. Kongo Demokratik Respublikasida 2024 yil boshidan beri maymunchechak bilan bog‘liq 13 700 dan ortiq kasallanish va 450 ta o‘lim holati qayd etilgan. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Africa CDC) olimlari maymunchechakning yangi shtammi tez tarqalayotganidan xavotirda. 

Oldinroq O‘zbekiston aeroportlarida maymunchechakning oldini olish choralari ko‘rilayotgani, xususan, sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda havo harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: