Qirg‘izistonning «Tulpor» kompaniyasi va O‘zbekistondagi yo‘lkira to‘lovining avtomatlashtirilgan tizimi operatori ATTO hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Bu haqda Bishkek shahri ma’muriyatiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Qayd qilinishicha, tez orada Qirg‘iziston aholisi O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab jamoat transporti yo‘lkira haqini mahalliy «Tulpor» kartalari bilan, qo‘shni davlat fuqarolari esa Bishkekda ATTO kartalari orqali to‘lashi mumkin bo‘ladi.
«Ushbu hamkorlik nafaqat transport tizimlarini integratsiyalashuvini tezlashtiradi, balki sayohatni hamma uchun qulayroq qiladi», deyiladi xabarda.
Ikki tizimni birlashtirishga tayyorgarlik jarayoni allaqachon boshlangani ta’kidlanmoqda.