Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Amerikaning Clooney Foundation for Justice («Adolat uchun Kluni jamg‘armasi») nodavlat tashkilotini Rossiya hududida «nomaqbul» deb tan oldi. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni idora matbuot xizmati Telegram’da ma’lum qildi.
Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasiga ko‘ra, jamg‘arma «Rossiyani obro‘sizlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshiryapti». Rossiya rasmiylari «Kluni jamg‘armasi»ni «gumanitar g‘oyalar orqasida yashiringanlikda», «Rossiya oliy rahbariyatini jinoiy ta’qib qilish tashabbuslarini ilgari surganlikda va Rossiya qonunchiligiga chet el agentlari va nodavlat notijorat tashkilotlariga nisbatan salbiy psevdoekspert baholarini omma oldida tarqatganlikda» ayblamoqda.
«Kluni jamg‘armasi» Ukrainadagi harbiy jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazyapti
2023 yil oktyabr oyida «Adolat uchun Kluni jamg‘armasi» Germaniya Federal prokuraturasidan Ukrainada Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan ehtimoliy harbiy jinoyatlarning uchta holatini tekshirishni so‘radi.
Jamg‘arma buni Germaniya qonunchiligida gumon qilinuvchilar yoki jabrlanuvchilarning fuqaroligidan yoki ulardan birortasi Germaniya bilan aloqasidan qat’i nazar, mamlakat huquqni muhofaza qilish organlariga Germaniyadan tashqarida sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha jinoiy tergov boshlash imkonini beruvchi universal yurisdiksiya tamoyili mustahkamlangani bilan asosladi.
Qayd etilganidek, har uchala holat ham fond ehtimoliy gumondorlar sifatida aniqlangan yuqori va o‘rta darajadagi rossiyalik qo‘mondonlarga tegishli. Birinchi holat Odessa viloyatidagi kurortga 2022 yilning yozida tovushdan tez uchuvchi X-22 raketalari tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi bilan bog‘liq. Zarba oqibatida 22 nafar tinch aholi halok bo‘ldi, 40 nafari og‘ir yaralandi.
Ikkinchi ish 2022 yilning martidan sentabriga qadar Xarkiv viloyatida hududni bosib olish vaqtida to‘rt kishini noqonuniy qo‘lga olgan, qiynoqlarga solgan va qatl qilgan Rossiya quruqlikdagi kuchlari qo‘mondonlariga tegishli.
Uchinchi ish bo‘yicha gumonlanuvchilar 2022 yil mart oyida Kiyev viloyati okkupatsiyasi chog‘ida sodir etilgan qatl qilish, qiynoqqa solish, jinsiy zo‘ravonlik, talon-toroj qilish va boshqa qonunbuzarliklarni o‘z ichiga olgan bir qator jinoyatlarga aloqadorligi taxmin qilinayotgan Rossiya bo‘linmalari qo‘mondonlari bo‘lgan.
«Adolat uchun Kluni jamg‘armasi» haqida
«Adolat uchun Kluni jamg‘armasi» 2016 yilda Hollivud aktyori Jorj Kluni va uning rafiqasi, inson huquqlari bo‘yicha advokat Amal Kluni tomonidan tashkil etilgan. Jamg‘arma saytida ta’kidlanganidek, uning maqsadi inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilishiga oid dalillarni to‘plash va jabrlanganlarga huquqiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, huquqbuzarlar javobgarlikka tortilishini ta’minlashdan iborat. Jamg‘arma hozirda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritmoqda.