Kiyev 2024 yilda Rossiya aktivlaridan tushadigan daromaddan yordam oladi

Jahon 11:05 / 20.08.2024 1733

Germaniya hukumati G‘arbda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foizlarning bir qismi joriy yil oxirida Ukrainaga berilishini kutmoqda. Bu haqda 19 avgust, dushanba kuni Berlinda Germaniya hukumati vakili o‘rinbosari Volfgang Byuxner ma’lum qildi. Federal moliya va tashqi ishlar vazirliklari vakillari singari, Byuxner ham OAVda Ukrainaga yordam to‘xtatilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

G7 davlatlari va Yevropa Ittifoqi 2024 yil iyun oyida Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bo‘yicha foizlar hisobiga kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda Ukrainaga taxminan 50 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaror qildi. Taxminlarga ko‘ra, Ukraina bu pulni qarz sifatida olishi mumkin. 

FAS: Huquqiy noaniqlik to‘lovlarni muzlatishga olib keladi 

Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung (FAS) gazetasining xabar berishicha, huquqiy nuqtayi nazardan, Rossiya Federatsiyasi muzlatilgan aktivlari bo‘yicha foizlar Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkinmi yoki yo‘qmi, hali aniqlanmagan. Bu, nashrga ko‘ra, Kiyevga yangi to‘lovlarni muzlatib qo‘yishga olib kelgan va yaqinda, shu sababli, Ukraina uchun mo‘ljallangan IRIS-T havo mudofaa tizimini Germaniyadan yetkazib berishni moliyalash mumkin bo‘lmagan. FAS, shuningdek, kelgusi yilda pul to‘lash ham noaniq bo‘lishini ko‘rsatdi. 

Germaniya hukumati 2024 yilda Ukrainaga harbiy yordam sifatida qariyb 7,4 milliard yevro ajratmoqchi. 2025 yilgi budjetda bu maqsadlar uchun 4 milliard yevro rejalashtirilgan. 

Ukraina va’da qilingan havo mudofaa tizimlarini oladi

Volfgang Byuxner Ukraina Germaniyadan va’da qilingan havo hujumidan mudofaa tizimlarini olmasligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Unga ko‘ra, 2024 yil oxirigacha Berlin Kiyevga ikkita Iris-T-SLS tizimini, 2025 yilda esa uchta Iris-T-SLS va yana uchta Iris-T-SLM tizimini yetkazib beradi. «Federal kansler Ukrainaning Rossiyaga qarshi mudofaaviy kurashida zarur bo‘lganda harbiy yordam ko‘rsatilishi haqidagi va’dasiga sodiq qoladi», - deya ta’kidladi Byuxner. Bu pozitsiyani Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tasdiqladi. «Ukrainaga yordam to‘xtovsiz davom etmoqda», - dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili Sebastyan Fisher. 

Ko‘proq yangiliklar: